AsosiyJamiyat

Prezident Virtual qabulxonasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlari Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulanadi

'Prezident Virtual qabulxonasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlari Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulanadi'ning rasmi

Mamlakatimizda sud-huquq sohasida oshirilayotgan islohotlar jarayonida sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo`yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlariga o`z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash imkonini berdi... 

Mamlakatimiz Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori ham ushbu sohada qilinayotgan ishlarning mantiqiy davomi desak xato qilmaymiz.

Qarorda fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlariga ko`rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko`rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta`minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish vazifasi topshirilgan bo`lib, mazkur yangiliklar sudga keluvchi hamda murojaat qiluvchi fuqarolarning ko`rsatiladigan xizmatlardan ochiq va erkin foydalanish, ochiq foydalanishda bo`lgan materiallar bilan tanishish, sudga murojaat qilish va qilingan murojaatlar bo`yicha sud tomonidan olib borilayotgan harakatlar, murojaatni ko`rib chiqish qaysi bosqichda ekanligidan onlayn xabardor bo`lishlarini ta`minlaydi.

Sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo`lgan ma`lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta`minlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma`lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish bilan davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulab boriladi. Bu bilan ishni ko`rish jarayonida yuqorida ko`rsatilgan mazkur muassasalardan talab qilib olinishi lozim bo`lgan hujjatlarni olish muddatlarini qisqaradi, taraflarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo`yiladi.

Ya`ni, sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma`lumotlarni elektron shaklda yuborish orqali muayyan ishni ko`rish jarayonida zarur bo`lgan ma`lumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olinadi.

Maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash bilan Sudyalar oliy kengashiga sudyalar, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tomonidan elektron murojaat qilish, suhbat jarayonida beriladigan savollar va vazifalarni axborot tizimi yordamida avtomatlashtirilgan holda tanlash, Sudyalar oliy maktabiga uning rasmiy veb-sayti orqali ariza va murojaatlarni yo`llash, professor-o`qituvchilar va tinglovchilarning reyting ko`rsatkichlarini elektron tarzda shakllantirish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining o`quv jarayonini onlayn tarzda nazorat qilish tartibi o`rnatiladi.

Sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, ish bo`yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish bilan taraflarning sud hujjatlarini olishdagi ovoragarchiligi oldi olinadi. 

Sudning axborot tizimlari, ma`lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini ta`minlash, xizmat axborotlari va ma`lumotlarini kompleks himoya qilish bo`yicha choralarni kuchaytirish orqali sud hamda sudga murojaat qiluvchilar to`g`risidagi ma`lumotlar himoya qilinadi. Sudning ish yurituvida bo`lgan, oshkor qilinishi mumkin bo`lmagan ishlar to`g`risida ma`lumotlarning oshkor bo`lishining oldi olinadi.

Sud majlislarini ish bo`yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish:

  • Birinchidan, sud ishlarini olib borishda, sud majlisi bayonnomalarini yuritishda qulaylik yaratsa; 
  • Ikkinchidan taraflarda odil sudlovga bo`lgan ishonchni oshiradi.

Apellyasiya va kassasiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o`rtasida avtomatik ravishda taqsimlanishi bo`lsa, ishlarning taqsimotiga aralashishning oldini olib, mazkur instansiyalarda ham shaffoflikni ta`minlaydi. Fuqarolarda odil sudlovga bo`lgan ishonchni oshiradi. 

Sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish avvalo taraflarning sud majlisi to`g`risida qisqa muddatlarda va aniq ogohlantirilishini ta`minlasa, ikkinchidan sud majlisiga qasddan kelmasdan sud ishlarini sun`iy cho`zmoqchi bo`lgan taraflarning sud majlisi to`g`risida ogohlantirilganligiga dalil bo`ladi.

  • Sudlar faoliyatida qo`shimcha imkoniyatlar beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo`jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da`vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;
  • Manfaatdor shaxslar tomonidan da`vo, ariza va shikoyatlarni ko`rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;
  • Sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma`lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;
  • Sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish mumkin bo`ladi.

Bu esa o`z o`rnida sudya va sud xodimlarining kundalik ishlarida ancha qulayliklar yaratadi.

Sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqilishi taraflarning sud binosida kelmasdan, o`zlari uchun qulay bo`lgan joydan sud majlisida ishtirok etishlarini ta`minlaydi. Bu esa o`z o`rnida taraflarning sud binosiga kelib-ketib ovora bo`lishlarining oldini oladi.

Qisqacha qilib aytganda, mazkur qaror bilan amalga kiritilishi ko`zda tutilgan yangiliklarning barchasi sud faoliyati shaffofligini ta`minlash, fuqaro va yuridik shaxslarning sudga murojaat qilishlarini ish jarayoniga raqamli texnologiyalarni kiritish hamda ulardan keng foydalanish orqali soddalashtirishga qaratilgan.

M.Saidov, Buxoro viloyat iqtisodiy sudi raisi,

A.Safarov, Romitan tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

    Boshqa yangiliklar