AsosiyJamiyat

Bir yilda 900 mingdan ziyod murojaat qanoatlantirildi

Murojaatlar Namanganda 24, Toshkent viloyatida 21, Farg‘onada 11 va Toshkent shahrida 7 foizga kamaygan.

'Bir yilda 900 mingdan ziyod murojaat qanoatlantirildi'ning rasmi

Xalq bilan muloqot, murojaatlar bilan ishlash sohasi ijtimoiy adolatni belgilaydigan muhim mezonlardan biridir. Shu ma’noda murojaat, ariza, shikoyat – jamiyat holatini aks ettiruvchi qaysar indikator bo‘lsa, davlatimiz rahbari asos solgan Xalq qabulxonalari instituti xalq hayotidagi istalgan soha bo‘yicha tizimli masalalar, qaysi hududda nima muammolar dolzarb ekanini yaqqol namoyon etadigan o‘ziga xos “barometr”dir.

2024 yilda Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga qariyb 1,2 million murojaat kelib tushgan bo‘lib, ariza-shikoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 64,1 mingtaga kamaygan. Ayniqsa, murojaatlar Namanganda 24, Toshkent viloyatida 21, Farg‘onada 11 va Toshkent shahrida 7 foizga kamaygan.

2024 yilda ko‘rib chiqilgan 1 million 120 mingdan ziyod murojaatning qariyb 938 mingtasi yoki 83,7 foizi qanoatlantirilgan. Bu esa 566,6 mingdan ortiq murojaatchilar roziligiga erishildi, deganidir. Sohalar kesimida olinsa, gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va ko‘mir ta’minoti, uy-joy kommunal xo‘jaligi, ijro ishi, aliment va qarz undirish, tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya xizmatlari sifati, sug‘urta faoliyati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 60-80 foiz muammolar hal qilib berildi.

Xalq bilan muloqotning yana bir shaffof platformasi  – ommaviy va sayyor qabullar maydoni ham kengayib bormoqda. O‘tgan yilda Prezident Xalq qabulxonalari tashkil etgan ana shunday jonli va ochiq muloqotlarda 405,7 mingdan ziyod murojaatlar ko‘rib chiqilib, 81,3 foizi hal etildi. Ya’ni bu bilan 330 mingdan ziyod murojaat bo‘yicha fuqarolar roziligiga erishildi.

Murojaatga yo‘llangan javob fuqaro ishtirokida o‘rganilsa, ariza-shikoyatga samarali yechim topiladi. Shuning uchun ham Xalq qabulxonalari 20 mingdan ziyod murojaat bo‘yicha qabul qilingan qariyb 28 ming qarorni joyiga chiqib o‘rgandi. Deputatlar bilan hamkorlikda 6 mingga yaqin murojaat ko‘rib chiqilib, shundan 3,5 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi. Sektorlar faoliyati bo‘yicha 4,4 mingga yaqin monitoring, davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan qariyb 4,6 mingta o‘rganish o‘tkazildi.

Murojaatlar asosida xuddi shunday o‘rganishlar bo‘yicha xalq deputatlari Kengashlariga 2,4 mingdan ziyod axborot kiritilib, ular asosida qariyb 3,5 ming nafar davlat idoralari va sektor rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Muammolarni hal qilish borasida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan 4 ming 721 taqdimnoma, 5 mingdan ziyod taklif va 9 ming 119 ko‘rsatma kiritildi. Bularning natijasida aholi murojaatlari bilan talablar darajasida ishlamagani uchun davlat idoralari mas’ul xodimlarining 3 ming 826 nafari javobgarlikka tortildi. Xususan, ularning 369 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 779 nafari ma’muriy, 269 nafari oylik ish haqidan jarimaga tortildi, 2 ming 409 nafariga hayfsan e’lon qilindi. Bundan tashqari, Xalq qabulxonalari tashabbusi bilan prokuratura va adliya organlari murojaatlar bilan ishlashga oid qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha rasmiylashtirgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar asosida yana 347 nafar mas’ul xodim jarimaga tortildi. Shuningdek, 6,1 mingdan ziyod mas’ul xodim rasman ogohlantirildi.

Bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan yana biri – aholi daromadlarini oshirish uchun shart-sharoit yaratish va yordam berishdan iborat. Prezident Xalq qabulxonalari 2024 yilda murojaatlar tahlili asosida oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha yangi besh bosqichli “Murojaatdan daromadga” loyihasini samarali amalga oshirdi. Asosan moddiy yordam masalasida ko‘p arz qilgan fuqarolarning oilaviy ahvolidan to qaysi yo‘nalishda ishni eplab ketishiga qadar individual o‘rganish, murojaatchilarni daromad topishga tayyorlash, kasb-hunarga o‘qitish, ish anjomlari olib bergan holda kuchli malaka va katta tajribaga, o‘z bozoriga ega tadbirkorlarga biriktirish bo‘yicha kompleks ish olib borilgan bu loyiha bilan qariyb 2,5 ming murojaatchini daromadga olib chiqish bo‘yicha ish olib borildi.

“Murojaatdan daromadga” loyihasi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi 400 dan ziyod mahallada amalga oshirilgan bo‘lib, bugun bu yerdagi kichik-kichik korxonalarda minglab insonlar o‘zi orzu qilgan farovon kelajagining poydevorini barpo qilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, xalq bilan muloqot tizimi yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Xalq qabulxonalarining “mahalla yetttiligi” bilan hamkorligi mustahkamlanmoqda. Asosiy maqsad – muammolarni mahallaning o‘zida, birinchi nuqtada aniqlab, har bir murojaatdagi masalaga adolatli yechim topib berishdan iborat. Aslida ham faqat va faqat xalq bilan muloqot qilish bilan har bir inson, har bir oila barcha davrda istaydigan, intiladigan ijtimoiy adolatga erishish mumkin. Zotan, buyuk ma’rifatparvar jadid bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Har bir millatning taraqqiy va taoliysi, davlat va hukumatlarning uzun yashamog‘i adolatga bog‘liqdur”.

    Boshqa yangiliklar