AsosiyJamiyat

Davlat endi retseptsiz sotiladigan dori-darmonlar narxini tartibga solmaydi

Farmatsevtika tarmog‘iga oid prezidentning yangi farmoni qabul qilindi.

'Davlat endi retseptsiz sotiladigan dori-darmonlar narxini tartibga solmaydi'ning rasmi

O‘zbekistonda 2025 yil 1 apreldan cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi. Bu haqda “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.

2017 yildan buyon chetdan olib kelinadigan va mamlakat ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari vositachilar sonidan qat’i nazar ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda ustama belgilangan. Chakana savdoda esa, ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llaniladi.

Endilikda 15−20 foizlik ustama faqat retsept asosida beriladigan dorilar uchun  qoladigan bo‘ldi. 

Bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishda ushbu dori vositalarining barchasiga nisbatan eng past referent narx qo‘llanadi.

Farmon bilan, shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

  • biologik faol qo‘shimchalar va kosmetika mahsulotlari sanoatini rivojlantirish, shu jumladan, bozor kon’yunkturasini o‘rganish, tahlil qilish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ushbu yo‘nalishdagi soha korxonalariga ilg‘or xorijiy amaliyot va standartlarni tatbiq etishga ko‘maklashish;
  • mahalliy hokimliklar bilan birgalikda hududiy farmatsevtika korxonalarining investitsiya loyihalarini monitoring qilish va hisobini yuritish;
  • farmatsevtika sohasini raqamlashtirish va axborot dasturlarini joriy etish.

2025 yil yakunigacha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining laboratoriyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining dastlabki kvalifikatsiya (prequalification) tartibidan o‘tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar