AsosiyJamiyat

Koronavirusga chalingan bemorlarda nima uchun ko`z kasalliklari bilan bog`liq asoratlar yuzaga kelmoqda? Mutaxassis javob berdi

'Koronavirusga chalingan bemorlarda nima uchun ko`z kasalliklari bilan bog`liq asoratlar yuzaga kelmoqda? Mutaxassis javob berdi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov bilan suhbat uyushtirdi. 

Unda koronavirus bilan bog`liq ko`z kasalliklari haqidagi savollarga javob berilgan.  

– Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ayrimlarida nima uchun ko`z kasalliklari bilan bog`liq asoratlar yuzaga kelmoqda?

– Ilmiy tekshirishlar asosida shuni aytish mumkinki, koronavirus ko`z yoshi ishqoriyligiga juda yaqin. Aynan shuning uchun ko`zlar koronavirus infeksiyasining organizmga tushishi uchun o`ziga xos “darvoza”ga aylanadi. Koronavirus asoratlari haqida gapiradigan bo`lsak, qon tomirlarining yorilishi, subkon`yunktival qon quyulishi, gemoftalm, tromb hosil bo`lishi, to`r parda markaziy arteriyasi okklyuziyasi, to`r parda markaziy venasi tromboziyasi, kavernoz sinusi trombozi kabilarni keltirish mumkin.

Misol uchun, koronavirus tarqala boshlashi bilan subkon`yunktival qon quyulishli bemorlar soni ham ortdi. Bunday xollarda ko`z tashqaridan ayanchli holatdagidek ko`rinadi, lekin ko`rish o`tkirligi va ko`zning ichki xolati yaxshi saqlanishi va ko`zning ko`rinadigan qismida quyulgan hol asoratsiz 10-14 kun ichida so`rilib ketishi mumkin. Lekin, afsuski, ko`z ichida tromb hosil bo`lganda shifoxonaga kech murojaat qilingan holatlar ham uchrab turadi.

– Koronavirusga chalingan bemorlar  ko`z kasalliklaridan tuzalib ketadimi yoki asoratlari qoladimi?

– Har bir kasallik singari koronavirus tufayli yuzaga kelgan xastaliklar kechishi va asoratlari ham individual bo`ladi. Immun tizim, ko`zlarning kasallikdan avvalgi holati, shuningdek, davolanish choralari qay tarzda kechishiga qarab, asoratlar bo`lish yoki bo`lmasligi mumkin. Shuni aytish joizki, koronavirusda kech yuzaga keladigan asoratlar ham mavjud. Qon xususiyatlari va tromboz singari o`zgarishlar qayta hosil bo`lishi havfini tug`dirishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun shifokor nazoratida bo`lishi hamda laborator taxlillar muntazam tarzda bajarilishi kerak.

– Kuz mavsumida turli allergik kasalliklar ko`payadi. Aytingchi, ushbu mavsumda ko`z bilan bog`liq qanday allergik kasalliklar avj oladi?

– Kuzda mavsumiy pollinoz kon`yunktivit, medikamentoz allergiya, allergik keratokon`yunktivit, atopik keratokon`yunktivit, yirik papillyar kon`yunktivit, xronik allergik kon`yunktivit xuruji kabi ko`z kasalliklari avj olishi mumkin. Odatda allergiyaga moyilligi bor insonlar parhez qilish haqida, shifokorga murojaat etish kerakligi to`g`risida yaxshi bilishadi. Lekin oxirgi paytda aholi orasida ko`plab turli xil dori vositalarining o`z bilganicha qo`llanishi oqibatida allergiya holatlari ko`paymoqda.

– Ko`z bilan bog`liq allergik kasaliklarni davolash va uning oldini olish borasida qanday tavsiyalar bera olasiz?

– Agar o`zingizda allergiyaga moyillik sezsangiz, birinchi navbatda, iste`moldan allergenlarni olib tashlang. Antigistamin dori vositalarini betartib ishlatmang. Eng muhimi, ko`z shifokori ko`rigidan o`tib, ular yozib bergan dori vositalarini o`z vaqtidi qabul qiling. 

    Boshqa yangiliklar