AsosiyJamiyat

"Ularning aksariyatida koronavirus simptomsiz va engil shaklda kechayotgani ko`rinmoqda". O`qituvchilardan ommaviy test olinmoqda

'"Ularning aksariyatida koronavirus simptomsiz va engil shaklda kechayotgani ko`rinmoqda". O`qituvchilardan ommaviy test olinmoqda'ning rasmi

Umumta`lim maktablarida sanitariya talablariga amal qilinishi bo`yicha maktab mutasaddilariga ko`mak berish maqsadida 10 ming nafardan oshiq tibbiyot xodimi biriktirildi, deb xabar bermoqda SSV axborot xizmati.  

Shu yilning 14 sentyabr kunidan belgilangan sanitariya talablariga javob bergan maktablarda mahalliy xalq deputatlari kengashlari qarori bilan ta`lim jarayonlari boshlanishi kutilmoqda. Bu jarayonda ikki muhim masalaga diqqat qilinishi kerak. Bir tomondan mamlakatdagi 6,2 million nafardan ortiq o`quvchining salomatligini saqlash muhim bo`lsa, boshqa tomondan ularga ta`lim beradigan yarim million nafarga yaqin xalq ta`limi xodimlari — o`qituvchilarning salomatligini asrash har bir rahbardan katta mas`uliyat talab qiladi.  

Shu maqsadlarni ko`zda tugan holda ayni vaqtga qadar “O`zbekiston Respublikasida  “COVID-19” pandemiyasi davrida umumiy o`rta ta`lim maktablari va o`rta maxsus maktab internatlarining faoliyatini tashkillashtirish bo`yicha vaqtinchalik sanitariya-epidemiologik talablar” ishlab chiqilib, Adliya vazirligida ro`yxatga olindi.  

Mamlakatimizda shunday qiyin sharoitda o`z vazifasini bajarish uchun kurashga chiqayotgan o`qituvchilarning salomatligini himoya qilish masalasiga davlat darajasida e`tibor qaratilmoqda. 2020 yil 11 sentyabr holatiga ko`ra,  Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o`rta ta`lim maktablarining jami 486 521 nafar o`qituvchilarning 275 616 nafari (56,6 foizi) maxsus laboratoriya usulida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o`tkazildi.  

 Laboratoriya tahlili natijasida kasallik aniqlangan o`qituvchilar ro`yxatga olinib, ularning holati hududlarda tashkil etilgan mobil tez tibbiy yordam guruhlari tomonidan o`rganilmoqda, kasallik simptomlari aniqlangan o`qituvchilar shifoxonalarda davolanishga yuborilmoqda.

Ularning aksariyatida kasallik simptomsiz va engil shaklda kechayotgani ko`rinmoqda. Bunday o`qituvchilarimiz uy sharoiritida davolanishga o`tkazilib, belgilangan davo muolajalarga ko`ra, ularga bepul koronavirus bokslari (aptechkalar) etkazib berilyapti.

Eslatib o`tamiz, Prezidentimizning 26 avgust kuni qabul qilingan tegishli qaroriga ko`ra, yurtimizdagi barcha boshlang`ich, umumiy o`rta ta`lim va sog`liqni saqlash muassasalari xodimlarini markazlashgan tartibda grippga qarshi bepul emlash belgilangan.

    Boshqa yangiliklar