AsosiyJinoyat

Samarqandda 61 million so`mlik noqonuniy un savdosiga chek qo`yildi

'Samarqandda 61 million so`mlik noqonuniy un savdosiga chek qo`yildi'ning rasmi

Butun jahonni larzaga solib turgan pandemiya barchani sinovdan o`tkazyapti. Ba`zi insofli tadbirkorlar davlatga ko`mak sifatida kam ta`minlangan oilalarga etarlicha yordam ko`rsatmoqda. O`z o`rnida hukumat tomonidan tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilgan.

Ammo ba`zi “tadbirkorlar” borki, davlat ro`yxatidan o`tmasdan faoliyat ko`rsatishga harakat qilishadi, qonunni chetlab, cho`ntagini qappaytirmoqchi bo`ladi. Qonuniy faoliyat yuritayotganlarga halaqit berish bilan birga, davlat g`aznasiga soliq to`lashmaydi. Bugungi sinovli kunlarda esa g`aznaga tushgan har bir so`m koranavirus balosini engishda muhim ahamiyatga ega.

Noqonuniy faoliyat yuritayotgan “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qo`yish maqsadida viloyat davlat soliq xizmati organlari sayyor soliq tekshiruvi bo`limlari xodimlari tomonidan tekshirishlar o`tkazib kelinmoqda.

Zarnews.uz xabariga ko`ra, joriy yilning 18-19 sentyabr kunlari viloyat bo`yicha jami 15 holatda fuqarolar tomonidan davlat ro`yxatidan tadbirkor sifatida ro`yxat o`tmasdan, noqonuniy ravishda un mahsulotlarini qimmat narxlarda sotayotganliklari aniqlanib, ulardan daliliy ashyo sifatida 61 million so`mlik O`zbekiston va Qozog`iston Respublikalarida ishlab chiqarilgan un mahsulotlari vaqtinchalik olib qo`yildi.

Jumladan, 19 sentyabr kuni Past Darg`om tumani Qatorterak mahallasi hududida noqonuniy ravishda un mahsulotlari savdosi bilan shug`ullanuvchi fuqarolarni aniqlash maqsadida tekshirish o`tkazildi. Ushbu mahallada yashovchi, 1989 yilda tug`ilgan fuqaro E.N. tegishli hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda O`zbekistonda ishlab chiqarilgan 97 qop unning 1 qopini 185000 so`mdan, Qozog`iston Respublikasida ishlab chiqarilgan unning 1 qopini 220000 so`mdan sotayotganligi aniqlandi. Holat bo`yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, sotuvdagi 164 qop, umumiy qiymati 31 million 575 ming so`mlik un mahsuloti daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo`yildi.

Davlat soliq xizmati organlari yuqoridagi kabi noqonuniy savdo jarayonlariga qarshi kurashish borasida doimiy nazorat tadbirlarini amalga oshirmoqda. Siz un narxining asossiz oshirilgani holatlariga duch kelsangiz, boshqarmaning 66-234-06-16 raqamli “Ishonch telefoni”ga murojaat qiling.

    Boshqa yangiliklar