AsosiyDunyo

Lukashenkoning shoshilinch inaugurasiyasidan keyin minglab beloruslar yana namoyish uyushtirishdi

'Lukashenkoning shoshilinch inaugurasiyasidan keyin minglab beloruslar yana namoyish uyushtirishdi'ning rasmi

Aleksandr Lukashenko 23 sentyabr kuni kutilmaganda prezidentlik qasamyodini qildi. Bu marosim oldindan e`lon qilinmagandi. Shundan keyin minglab beloruslar bunga qarshi bo`lib o`tgan namoyishlarda qatnashishdi. Polisiya ommani tarqatib yuborish uchun suv zambaraklaridan foydalandi va bir qancha namoyishchilarni hibsga oldi.

Belorussiyani 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko chorshanba kuni o`zining oltinchi prezidentlik muddatiga rasman kirishdi. Bu mamlakatda 9 avgust kuni saylov o`tkazilgan va unda Lukashenkoning g`alabasi e`lon qilingandi. Lekin, Lukashenkoning muxoliflari va ba`zi chet mamlakatlar mazkur saylovda g`irromlik ishlatilganini da`vo qilishgan. Belorussiyada olti haftdan beri namoyishlar davom etmoqda.

“Uning yashirincha qasamyod qilishi o`zida kuchni ushlab qolishga urinishdir” deydi Lukashenkoning asosiy muxolifi Svetlana Tixanovskaya.

Chorshanba kuni bo`lib o`tgan namoyishlarda minglab odamlar qo`llarida muxolifat belgisi bo`lgan qizil va oq rangli bayroqni ko`tarib, Minsk ko`chalarida yurish qilishdi. Namoyishchilardan birining qo`lida  “Agar 80 foiz ovoz olgan bo`lsang, nega bizdan qo`rqyapsan” deb yozilgan plakat bor edi. Namoyishchilar inson zanjirlarini hosil qilib, ko`chalarni to`sib qo`yishdi.

Yana bir muxolif Pavel Latushko Lukashenkoning yashirincha qasamyod qilishi “o`g`rilarning sirli uchrashuvi” ga o`xshashini aytdi.

“Qasamyod qilish marosimida nega fuqarolar qatnashmadi? Diplomatik korpus vakillari qani? Lukashenkoning OMONchilar va juda oz sonli yolg`onchi amaldorlarning prezidenti ekani ochiq-oydin ko`rinib turibdi”  deydi Latushko.

    Boshqa yangiliklar