1

Yurak-qon tomir kasalligi bor insonlar uchun tajribali kardiologdan muhim tavsiyalar

Salomatlik 25.09.2020, 14:15
Yurak-qon tomir kasalligi bor insonlar uchun tajribali kardiologdan muhim tavsiyalar

Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xodimlari Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Hamidulla Toshpo`latov bilan suhbat uyushtirdi. ushbu suhbatni e`tiboringizga havola etamiz.

– Surunkali yurak-qon tomir kasalligi bor yoki ushbu xastalikka chalingan insonlarning davolanish tartibi va hayoti davomida amal qilishi kerak bo`lgan qoidalarga to`xtalib o`tsangiz.

– Surunkali yurak-qon tomir kasalliklari bilan og`rigan bemorlar doimiy ravishda kardiolog shifokor nazoratida bo`lishi kerak. Buning uchun oilaviy poliklinikasida dispanser nazoratiga olinishi, bir yilda 2 marta dispanser tekshiruvlaridan o`tib, yilda bir marta stasionar davolanishi hamda doimiy ravishda kardiolog tavsiyalariga amal qilishi va dorilarini muntazam qabul qilib yurishi kerak.  

Ayniqsa, har bir bemor o`z salomatligiga mas`ul bo`lishi, sog`lig`iga bee`tibor bo`lmasligi, sog`lom turmush tarziga amal qilishi, organizmga jismoniy yuklamalar me`yorda bo`lishi, shu bilan birga, kamharakat bo`lib uyda o`tirib qolmasligi, toza havoda ko`proq sayr qilishi, kechki payt engil nonushta qilishi, uyqudan oldin taom emasligi, ichish, chekish kabi zararli odatlardan voz kechishi kerak.

– Yurak-qon tomir kasalliklari, jumladan, infarkt va insultga chalinmaslik uchun asosan nimalarga e`tibor qaratish kerak? 

– Avvalambor, har bir ona homiladorlik davrida tug`iladigan farzandining sog`lom bo`lishi uchun e`tiborli bo`lishi kerak. Ko`pincha tug`ma nuqsonli bolalar homiladorlik davrida ko`p kasal bo`lgan, kamqonli, jismoniy va ruhiy charchagan onalardan tug`iladi. Farzandining sog`lig`iga ota-ona e`tibor berishi, shifokor nazoratidan o`tkazib turishi, farzandini sog`lom va jismoniy baquvvat qilib tarbiyalashi kerak.  

Balog`at yoshidan keyin har bir inson o`z sog`lig`i haqida qayg`urishi, kasallikning oldini olishi yoki boshlang`ich davrida aniqlab, uni bartaraf etish uchun harakat qilishi lozim. Yurak-qon tomir kasalliklariga chalinmaslik uchun sog`lom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy faollikni oshirishi, aqliy mehnat bilan jismoniy mehnatni me`yorda olib borishi, ovqatlanish gigienasiga amal qilishi, zararli odatlardan voz kechishi, kardiolog shifokor nazoratida bo`lib, o`z vaqtida davolanishi talab etiladi.  

Misol uchun, birgina chekishni tashlash 2-3 oydan keyin o`pka faoliyatini 30 foizga yaxshilanishiga, bir yildan keyin esa yurak ishemik kasalligi rivojlanishi xavfini 50 foizga kamaytiradi. Shuningdek, tana vaznini nazorat qilish kerak. Jumladan, bel aylanasi erkaklarda 94 sm., ayollarda esa 80 sm.dan oshmasligi lozim. Vaznning 10 kg.ga kamayishi qon bosimini 5-20 mm s.u.ga pasaytiradi. Kuniga 30 daqiqalik jismoniy faollik ham qon bosimini 4-9 mm s.u.ga kamaytiradi.

Bundan tashqari, ovqatlanishda rasionning xilma-xilligiga e`tibor berish, oqsillarning etarli bo`lishi, go`shtni baliq, dukkaklilar, parranda go`shtiga almashtirish, savzovot va mevalarni ko`paytirish hamda osh tushi iste`molini cheklash lozim bo`ladi.

Ushbu tavsiyalarga muntazam amal qilish bilan yurak-qon tomir kasalliklarining o`tkir miokard infarkti va miya insulti kabi og`ir asoratlarining oldini olgan bo`lamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1