Bugun, 26 sentyabr kuni O`zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Badiiy akademiya raisi Akmal Nur, O`zbekiston davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin O`rinboev, Muqimiy nomidagi O`zbekiston davlat musiqali drama teatri direktori Mirza Azizov, O`zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori Shuxrat Toxtasimov, Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, muzey direktorlaridan iborat bir guruh ziyolilarning Tojikiston Respublikasiga tashrifi boshlandi, deya xabar qiladi O`zbekiston Madaniyat vazirligi axborot xizmati.

Tashrifdan ko`zlangan asosiy maqsad ikki davlat xalqlari o`rtasidagi ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san`at sohasidagi do`stona aloqalar va hamkorlikni yanada rivojlantirish, o`zaro tajriba almashishdan iborat.
Ilm-fan, adabiyot, san`at va madaniyat vakillarining Tojikistonga do`stona safar debochasi So`g`d viloyatining tarixiy muzeyiga tashrifdan boshlandi. O`zbekistonlik vakillar tojik xalqining alloma ajdodlaridan biri Kamol Xujandiy muzeyida bo`lishdi.

Xo`jandiy yoshlik chog`larida Samarqand va Toshkentda o`qib, ajdodlarimiz ilm ziyosidan bahramand bo`lgan edi. 14 ming baytdan iborat devoni, 10 ming baytli qo`lyozmalaridan namunalar bizning muzeylarimiz, kutubxonalarimizda ham saqlanmoqda. Ushbu muzey bilan hamkorlik shartnomalari tuzildi.







