AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoyev 3 nafar jadidni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi

'Shavkat Mirziyoyev 3 nafar jadidni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi'ning rasmi

Xabar berganimizdek,  Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 1 oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuniga bag`ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi.

Prezident tarixga nazar solib, IX-XII asrlarda yurtimiz hududida birinchi, XV asrda ikkinchi Renessans porlaganini ta`kidladi.

- Ko`pchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan o`ylayman: mamlakatimizda uchinchi Renessansni XX asrda ma`rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Ular “Ilmdan boshqa najot yo`q va bo`lishi ham mumkin emas”, degan hadisi sharifni hayotiy e`tiqod deb bildilar, - deya ta`kidladi Prezident.

Tadbirda O`qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan imzolangan farmonga muvofiq,  xalqimizning ozodligi va farovon hayotini ta`minlash yo`lida fidokorlik ko`rsatib, milliy ta`lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo`shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo`ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani ma`lum qilindi.

Shavkat Mirziyoev O`zbekistonda yangi Uyg`onish davri, ya`ni uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilanganini ta`kidladi.

- Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma`naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak, - dedi Prezident. - Bu o`lmas meros hamisha yonimizda bo`lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag`ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta`lim tizimini ana shunday ruh bilan sug`orishimiz kerak.

Bayram tadbirida o`qituvchi va murabbiylar, olimlar, parlament va hukumat vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, hududlardagi soha fidoyilari marosimni Qoraqalpog`iston va viloyatlardagi studiyalardan kuzatib boryapti.

    Boshqa yangiliklar