1

"Bu yilgi test natijalarini ko`rib..." Zoyir Mirzaev qashqadaryolik ustozlarga tabrik, ota-onalarga esa murojaat yo`lladi

Jamiyat 30.09.2020, 19:25
"Bu yilgi test natijalarini ko`rib..." Zoyir Mirzaev qashqadaryolik ustozlarga tabrik, ota-onalarga esa murojaat yo`lladi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev ustoz va murabbiylarga tabrik hamda ota-onalarga murojaat yo`lladi:

"Aziz o`qituvchi va murabbiylar, ta`lim sohasining jonkuyar fidoyilari!

So`zim avvalida barcha ustoz, murabbiylarni, umrini mashaqqatli va sharafli kasb – yosh avlodga bilim berishdek mehnatga bag`ishlagan soha xodimlarini "O`qituvchi va murabbiylar kuni" umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Bizga ilm, bilim bergan mo``tabar, mukarram insonlar oldida hamisha ta`zimdamiz.

Hayot yo`llarida yutuq va marralarga erishib, ilm, fan cho`qqilarini zabt etish barobarida bir buyuk zot oldida hamisha qarzdorlik hissi ortib boraveradi. Sabr va matonat, mehribonlik, jonkuyarlik bilan hijjalab o`rgatilgan saboq, o`qituvchi, murabbiylarning ibrati, o`gitlari hayot manzillarida odamiylik mulki bo`lib qoladi.

Bugun yurtimizda  ta`lim-tarbiya ishlariga ustuvor vazifa sifatida yangicha qarash bilan yondashilmoqda.  Dunyo miqyosida raqobat muhiti keskin bo`lgan bir pallada o`g`il-qizlarimizning zamonaviy bilimlarni egallashi, o`tkir va dadil fikrlari bilan jahon sahniga chiqishi uchun barcha kuch, imkoniyatlar safarbar etilmoqda.

Yurtimiz bo`ylab qad rostlagan buyuk allomalar, mutafakkir, adib va shoirlar nomi bilan ataluvchi ijod va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar, xususiy ta`lim maskanlari, Prezident maktablari, “Temurbeklar maktablari” ning faoliyat yuritayotgani, unda iste`dod sohiblari kamolga etayotgani millatning ertasiga bo`lgan e`tibor, g`amxo`rlikdir. Ayniqsa, o`quvchilarga puxta bilim berish va kasb-hunarga yo`naltirish maqsadida yo`lga qo`yilayotgan “Yakkabog` tajribasi”ni keng ommalashtirish taklifini tajribali o`qituvchilar, ota-onalar mamnuniyat qarshi olayotganlari rost.

Birgina, Qashqadaryoda 2020 yil davomida 170 ta maktabgacha ta`lim tashkiloti  ish boshladi. Yaqin ikki yil ichida viloyatda maktabgacha ta`lim muassasalari soni uch barobarga ortdi. Maktab ta`limiga qaratilayotgan e`tibor, tezda o`z samarasini ko`rsatib xalqimizni mamnun etmoqda. Qashqadaryolik o`quvchilarning joriy o`quv yilida bir emas, ikki emas, etti xalqaro o`quv yurtining talabasi bo`lishi-bu faxr, fidoyi o`qituvchilar mehnatining samarasi.

Islohotlar ortidan barcha sohalardagi kabi ta`limning eng muhim va dastlabki, bo`g`ini bo`lmish maktabgacha ta`lim tizimida ham ulkan o`zgarishlar bo`ldi. Xabaringiz bor, maktabgacha ta`lim 2017 yilda xalq ta`limidan alohida ajratilib, alohida yangi vazirlik tashkil etildi.

Yuqori ta`kidlaganimizdek, islohotlar avvalida viloyatda 326 ta MTMlar bo`lgan bo`lsa, ularda jami maktabgacha ta`lim yoshidagi 275 123 nafar bolalardan atigi 32 059 nafar bolalar ya`ni 12 foizi qamrab olingan edi xolos. Bugungi kunda mulkchilikning turli shaklidagi maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatiga ruxsat berilgani, imtiyozli kreditlar joriy etilgani hisobiga MTMlar soni 1286 taga etdi.

Yangi tashkil etilgan MTMlar hisobiga keyingi 3 yil ichida 3585 ta pedagoglar uchun yangi ish o`rinlari yaratildi.

Maktab ta`limini isloh qilishning muhim poydevori esa 11 yillik majburiy ta`limni joriy etilishi bo`ldi. Bundan 3 yil oldin maktab o`qituvchilarining 13 051 nafari o`rta maxsus ma`lumotli edi. Bugun ularning soni  

11 549 nafarga qisqardi.

2016 yildan bugungi kunga qadar 94 ta xom g`isht va paxsadan qurilgan maktablar binosi zamonaviy tarzda qayta qurildi va jihozlandi.

Qarshi shahrida eng rivojlangan xorijiy davlatlardagi maktablardan qolishmaydigan “Abdulla Oripov” ijod maktabi faoliyatini boshladi. Qisqa muddatda ushbu maktab o`quvchilari Respublika miqyosidagi turli tanlovlarda munosib ishtirok etib kelmoqdalar.

Bu yilgi test natijalarini ko`rib kelgusida Ixtisoslashgan maktablar, o`z ustiga iishlaydigan o`qituvchilar hamda fidoyi sinf rahbarlar o`quvchilarni kelgusida munosib kadr bo`lib etishlarida o`rni katta ekanlinigi anglab etdik. Bunday faktorlar bo`lgan maktablarda bitiruvchilarini oliy ta`lim muassasalariga kirish ko`rsatgichi yuqori bo`ldi.

Kitob tumani 1-ixtisoslashgan maktabning 54 nafar bitiruvchisidan 45 nafari OTM talabasi bo`ldi, shundan 4 nafari esa xorijiy OTMlarga qabul qilindi.  

Shuningdek, Shahrisabz tumanidagi 1-ixtisoslashgan maktab, 7-ixtisoslashgan maktab, Qarshi shahridagi  41-ixtisoslashgan maktablarda tahsil olgan o`quvchilar ham yaxshi natijalar ko`rsatishdi.

Keyingi yillarda oliy ta`limga qabul kvotalarini oshirilishi, test sinovlarini adolatli va shaffof tarzda o`tkazilishi, ko`plab yangi oliy ta`lim muassasalarining tashkil etilishi, kirish imtihonlari uchun test sinovlarini o`z hududida topshirish imkoniyatlari, bir vaqtning o`zida 3 ta o`quv yurtiga kirish imtiyozi berilgani, xotin-qizlar uchun alohida kvotalar belgilanishi oliy ta`lim tizimida tub ijobiy o`zgarishlar bo`lishini ta`minladi.

Viloyatda 2 ta oliy ta`lim muassasasi 1 ta OTM filiali mavjud edi. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari ortidan yana 3 ta nufuzli OTM filiallarini ochilishi qashqadaryoliklarga katta sovg`a bo`ldi.

2017-2020 yillar mobaynida jami 97 nafar professor-o`qituvchilar tomonidan dissertasiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi.

Viloyatdagi OTMlar bilan Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Koreya, Rossiya, AQSh, Belarus, Xitoy, Daniya, Chexiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Portugaliya davlatlari OTMlari o`rtasida hamkorlik o`rnatildi.

Yana bir e`tiborli jihati, bog`chadan tortib, maktabgacha, oliy o`quv yurtlarida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini puxta o`rgatish, ona tilini mukammal bilishi, xorijiy tillarni o`rganishi, yoshlarni boshqaruv sohasida etuk mutaxassis bo`lishi uchun belgilangan chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.

Yuqorida islohotlar zamirida men keltirib o`tgan yutuqlarda siz kabi o`qituvchi murabbiylarning mehnati, salohiyati, vatanparvarligi beqiyosdir.

Kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga fayz tilayman. Shogirdlar kamolidan mamnun bo`lish baxti hamisha hamroh bo`lsin!"

Zoyir Mirzaev, Qashqadaryo viloyati hokimi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1