Gap shundaki, Xatirchi tumanidagi 27 yoshli dorixona ta`sischisi 51 dona “PERGE 300 mg kapsul Pregabalin” dorisini saqlab kelgan. 2020 yil 28 mayda bir fuqaroga 135.000 so`m evaziga “pregabalin” moddasini sotganligi aniqlangan va fuqarodan “pregabalin” xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan...
KIMYoVIY EKSPERTIZA XULOSASIGA KO`RA
Falgalangan, yuzasida “aris REGAPEN 300 mg Pregabalin” yozuvli bir dona konvalyuta bo`lagidagi 3 dona oq-qizil rangli kapsulalarning tarkibida “pregabalin” moddasi bo`lgan. Bir dona kapsulaning tarkibidagi “pregabalin” moddasining miqdori 300 mg (0,3 gramm)ni, jami bo`lib 3 dona kapsulalarning tarkibidagi "pregabalin"moddasining umumiy sof og`irligi 0,9 grammni tashkil qilgan.
2020 yil 29 may kuni Navoiy viloyati IIB JQB hamda viloyat DXX xodimlari tomonidan “Qora dori-2020” tezkor profilaktik tadbiri davomida sudlanuvchi takroran bir xaridorga jami 42 dona kapsula tarkibida sof og`irligi 12,6 grammni tashkil qilgan pregabalinni 1.815.000 so`mga sotgani aniqlangan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi Navoiy viloyati IIB JQB hamda viloyat DXX xodimlari tomonidan o`tkazilgan “Qora dori-2020” tezkor profilaktik tadbir davomida Xatirchi tumanidagi dorixona ko`zdan kechirilganida IIV EKB markazining 2020 yil 1 iyundagi xulosasiga ko`ra, “aris REGAPEN 300 mg Pregabalin 19081772” yozuvli bir dona konvalyuta bo`lagidagi 6 dona kapsula tarkibida “pregabalin” moddasi mavjudligi, uning tarkibidagi moddaning sof og`irligi 1,8 grammni tashkil qilishi aniqlangan.
MA`LUMOT UChUN:
“Pregabalin” moddasi – Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasida kuchli ta`sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to`g`risida”gi 2019 yil 27 sentyabrdagi 818-sonli Qarorining 1-ilova 55-tartib raqam bilan kuchli ta`sir qiluvchi moddalarga kirishligi ko`rsatilgan. “Pregabalin” moddasini Respublika hududida maxsus reseptsiz muomalaga kiritish taqiqlangan.
“QOLIB KETGAN DORIDAN 3 DONASINI 135 MING SO`MGA SOTDIM”
Sudda so`roq qilingan sudlanuvchi aybiga to`liq iqror bo`ldi...
— 2019 yil aprelda Xatirchi tumanida dorixona ochib, o`zim sotuvchi bo`lib ishlay boshladim. Sentyabrda qonunga o`zgartirishlar kiritilib “PERGE 300 mg kapsul Pregabalin” dori vositasini sotish taqiqlab qo`yildi. Dorixonada qolib ketgan 51 dona shu dorini sotmay omborxonaga olib qo`ygandim. Dorixonaga bir fuqaro kelib, og`riq qoldiruvchi “Baralgin” dorisini olib, mijoz bo`lib qoldi. 2020 yil 28 may kuni o`sha xaridor kelib, “PERGE 300 mg kapsul Pregabalin” dorisini so`raganida, avvaliga yo`qligini aytdim. Shu doridan topib berishimni iltimos qilavergach, qolib ketgan 51 dona o`sha doridan 3 donasini 135 ming so`mga sotdim. Xaridor ertasi kuni qo`ng`iroq qilib, “kecha olib ketgan dorimdan bo`lsa, ko`proq olaman”, dedi. So`ng kechga tomon dorixonaga kelib, 2.000.000 so`mni qo`yib, “hammasiga kechagi doridan bering”, dedi. 42 donasini berib, pulidan 1.815.000 so`mni sanab oldim. 10-15 daqiqa o`tgach, dorixonaga IIB va DXX xodimlari kirib kelishdi, bo`lgan voqeani aytib berdim. Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.
Alisher SAYDULLAEV, Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyati Karmana tuman sudi sudyasi:
— Sudlanuvchi JK 2511-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilsin va unga shu moddaga asosan JKning 57-moddasini qo`llab, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sadoqat ALLABERGANOVA