Buxoro viloyati hokimligida Prezidentimizning 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida viloyat hokimi o`rinbosari B.Shahriyorov ishtirokida Rossiya Federasiyasining Moskva va Krasnoyarsk shaharlaridagi yirik sanoat korxonalari ish beruvchilari bilan videokonferens aloqa shaklida uchrashuv tashkil etildi.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi viloyat filiali, butunjahon o`zbek tashkilotlarining xalqaro kongressi –«World Congress of the Uzbek Associations», Krasnoyarsk shahridagi «Sodrujestvo uzbekistansev» ijtimoiy-huquqiy adaptasiya qilish jamoat tashkiloti vakillari ishtirok etgan uchrashuvda Moskva va Krasnoyarsk shahridagi korxonalarda Buxoro viloyatidan ishga jalb qilinadigan mehnat migrantlariga kasb va til o`rgatish, ularga sharoitlar yaratish, hujjatlarni ish beruvchi rasmiylashtirishi kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida 2020-2021 yillarda buxorolik mingga yaqin fuqarolarni Moskva va Krasnoyarsk shaharlarida ishga joylashtirish shartnomalari xususida kelishib olindi.
Bundan tashqari, AQShning Pensilvaniya shtatidagi “ETL GROUP” kompaniyasi bosh direktori A.Moxov tomonidan O`zbekiston fuqarolarini masofadan turib ishlashga jalb qilish taklifi ko`rib chiqildi. Buning uchun fuqarolardan ingliz tili va kompyuter dasturlarini mukammal bilish talab etiladi. Fuqarolarni broker kasbi bo`yicha ishga jalb etish nazarda tutilgan bo`lib, kompyuter savodxonligi va xorijiy tillarni o`rgatuvchi markazlar tashkil etish belgilandi.
Uchrashuvda ayni paytda Krasnoyarsk shahrida ishlayotgan o`zbekistonlik mehnat migrantlari bilan suhbat tashkil etilib, O`zbekistonda qonuniy mehnat migrasiyasini yanada takomillashtirish, mehnat migrantlari uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida ma`lumot berildi.






