“Soliq maslahati sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan Moliya vazirligining quyidagi funksiyalari O`zbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga o`tkaziladi:
• soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o`tkazish va sertifikatni berish;
• soliq maslahatchilarini o`qitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash;
• soliq maslahatchilarining reestrini yuritish.
Soliq maslahatchisi advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlarida ishlagan taqdirda, soliq maslahati bo`yicha faoliyatda 3 yil mobaynida ishtirok etmaganligi uchun uning malaka sertifikati amal qilishini tugatishga yo`l qo`yilmaydi.
Qarorga ko`ra, Soliq to`lovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlar bo`yicha xulosa berish huquqiga ega bo`lgan soliq maslahatchilari tashkilotlari ro`yxati (Ro`yxat) yuritiladi.
“Tavakkalchilikni tahlil qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida aniqlanadigan, yillik aylanmasi oxirgi uch yil mobaynida 1 milliard so`mgacha bo`lgan soliq to`lovchilar (tavakkalchilik darajasi yuqori bo`lgan soliq to`lovchilar bundan mustasno) ixtiyoriy tugatilganda ro`yxatga kiritilgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining soliqlar bo`yicha xulosalari soliq organlari tomonidan tan olinadi.
2021 yil 1 yanvardan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutida “soliqlar va soliqqa tortish” hamda “buxgalteriya hisobi va audit” yo`nalishlari bo`yicha 4-kurs bakalavriati o`quv dasturlariga “soliq maslahati” fani kiritiladi.






