AsosiyJamiyat

"Murat Kamalovni ko`p yillardan beri taniyman" – Prezident Qoraqalpog`istonning yangi rahbari haqida gapirdi

'"Murat Kamalovni ko`p yillardan beri taniyman" – Prezident Qoraqalpog`istonning yangi rahbari haqida gapirdi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etish uchun jo`nab ketgan.

Bugun Nukus shahrida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasi boshlandi. Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etmoqda.

Yig`ilishni Jo`qorg`i Kenges Raisining o`rinbosari Atabek Davletov ochdi. Sessiyaning kotibiyati saylanib, kun tartibi tasdiqlandi, Oqsoqollar kengashi va Hisob-sanoq komissiyasi tarkibi tuzildi.

Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq, Jo`qorg`i Kenges Raisi lavozimiga Kamalov Murat Qallibekovich nomzodi tavsiya etildi.

Davlatimiz rahbari so`zining avvalida koronavirus pandemiyasi butun dunyoda bo`lgani kabi yurtimizga ham yo`qotishlar olib kelgani, lekin hayot davom etishi, shu sharoitga munosib bo`lib, to`g`ri yo`l topish zarurligini ta`kidladi.

- Bugun qoraqalpoq elini, tuprog`ini, imkoniyatlarini yaxshi bilgan, xalq tanigan, turli masalalarni hal qila oladigan etakchini saylab olishimiz kerak. Berdaq bobomizning dono so`zlari bilan aytganda, xalqning g`amini o`ylagan yurt g`amxo`ri kerak menga, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezident hozirgi murakkab paytda rahbar bo`lish oson emasligini, Qoraqalpog`istonni rivojlantirish bo`yicha boshlangan ishlar 2-3 karra ko`paytirib davom ettirilishini ta`kidladi.

- Murat Kamalovni ko`p yillardan beri taniyman, - dedi Prezident. - U avvalo halol odam, vatanparvar odam. Qaerda ishlagan bo`lmasin, qoraqalpoq elining dardi bilan yashaganiga guvohman. Eng asosiysi shu. Boshqasi tajriba bilan keladi. U otasi Qallibek Kamalov, marhum Musa Erniyazov ishlarini davom ettirib, xalqni rozi qiladi, deb ishonaman.

Prezident Shavkat Mirziyoev Murat Kamalovning insoniy fazilatlari, fidoyiligi va rahbarlik qobiliyatini hisobga olib, uning nomzodiga o`z roziligini bildirdi.

Jo`qorg`i Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari so`zga chiqib, nomzodni qo`llab-quvvatladi.Yashirin ovoz berish yo`li bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi lavozimiga Murat Kamalov saylandi.

Ta`kidlash joiz, Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitusiyasining 80-moddasiga muvofiq, Jo`qorg`i Kengesning Raisi Qoraqalpog`iston Respublikasi rahbari va eng yuqori lavozimli shaxsidir. Jo`qorg`i Kenges Raisi ayni organ tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yo`li bilan Jo`qorg`i Kengesning vakolati muddatiga saylanadi.

    Boshqa yangiliklar