Prezident Shavkat Mirziyoev 2 oktyabr kuni Nukus shahridagi Opera va baxshichilik maktab-internatini borib ko`rdi.
Ma`lumki, qoraqalpoq elining o`ziga xos baxshichilik yo`nalishi bor. Mustaqillik yillarida bu erda opera ham rivojlandi. O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq baxshilari, xizmat ko`rsatgan artistlar etishib chiqdi.
Opera va baxshichilik maktab-internati ushbu an`anani davom ettirish, yosh avlodga etkazishga xizmat qiladi. Mazkur ixtisoslashtirilgan ta`lim maskani o`tgan oyda ishga tushirildi. Muassasa 150 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, unga 9 sinfni bitirgan iqtidorli o`quvchi yoshlar tanlov asosida qabul qilinadi. Hozirda 30 nafar o`g`il-qiz o`qishni boshladi. Ularga taniqli san`at ustalari va pedagoglar saboq bermoqda.
– Bunday maktablarni tashkil etishimizdan asosiy maqsad – tariximizni, madaniyatimizni chuqur o`rganish, o`zligimizni anglash. Baxshichilik – qoraqalpoq elining ulug` an`anasi, uni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.












