2020 yil 2 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva 2020-2022 yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag`allikni qisqartirish chora-tadbirlari ijrosini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishish maqsadida Namangan viloyati To`raqurg`on tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashrif davomida bir qator tadbirkorlik sub`ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishilib, ularning muammolari ko`rib chiqildi.
Ma`lumot o`rnida aytish mumkinki, bugungi kunda tuman aholisi 227,4 ming kishini tashkil etadi. Jami oilalar soni 59,9 mingta, shundan kambag`al oilalar soni 1271 ta.
Senat Raisi dastavval tumandagi “Dilrabo SDA” MChJ tomonidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida bo`ldi.
Mazkur tekstil korxonasida 700 ta yangi ish o`rni yaratilgan. Trikotaj mahsulotlari asosan Rossiyaga eksport qilinadi. Endilikda esa AQShga ham eksport qilish rejalashtirilgan. Yaqinda Turkiya va Xitoy davlatlaridan 200 ming AQSh dollarlik yangi uskunalar olib kelindi.
– Senat Raisi korxonamizga kelib, ish jarayonimiz bilan tanishgani, takliflarimizga quloq tutgani bizga yanada ko`proq shijoat bag`ishladi, – dedi “Dilrabo SDA” MChJ korxonasi rahbari Ma`suda Sodiqova. – Ikki yil avval viloyat hokimligi tomonidan ushbu hududdagi qarovsiz turgan eski maktabning binosi nol qiymat qilib berildi. Ko`rib turganingizdek, yangi binolar qurdik. Zamonaviy asbob-uskunalar keltirib, faoliyatimizni kengaytirdik. Hozirda ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta`minlashni maqsad qildik.
Oliy Majlis yuqori palatasi Raisi ushbu korxona faoliyati bilan tanishar ekan klasterlik faoliyatini yo`lga qo`yib, o`zida xom-ashyodan tortib tayyor mahsulotgacha etishtirish zarurligi ta`kidlandi. Buning uchun esa barcha sharoit yaratilishi, qo`shimcha er ajratilishi bildirildi. Qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi xotin-qizlarni ish bilan ta`minlash, ishchilarning farzandlari uchun maktabgacha ta`lim muassasasi qurish va unga etakchi mutaxassislarni jalb qilish borasida takliflar ilgari surildi.
Navbatdagi manzil – To`raqo`rg`on tumani “Isvaxon” mahallasi. Ushbu hududda joylashgan rossiyalik investorlar tomonidan tashkil etilgan “RuNamtex” MChJ faoliyati hamda umumiy qiymati to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiya hisobiga 1,5 mln. AQSh dollari bo`lgan 2-bosqich to`quv, tikuv trikotaj loyihasi bilan tanishildi.
Ta`kidlash joizki, ishlab chiqarishga xorijiy investisiyalarni jalb etishning ijobiy tomonlari ko`p. Masalan, yangidan-yangi texnologiyalar qo`llaniladigan mazkur jarayonda mahsulotlar turi va hajmi ortadi, o`zaro hamkorlik tufayli mamlakatning eksport salohiyati tobora yuksalib boradi. Muhimi, yangi ish o`rinlari yaratiladi. Faoliyati boshlanganiga bir necha oy bo`lgan “RuNamtex” MChJ xorijiy korxonasi hozirning o`zida 100 nafarga yaqin xotin-qizlarni ish bilan ta`minladi. Istiqbolda ular soni yana shunchaga ko`payishi ko`zda tutilgan.
Ayni paytda 6 xil o`lchamda zamonaviy to`shak yopqichlari, 3 o`lchamda sochiq va 8 turda “futbolka”lar ishlab chiqarilayotgan mazkur korxonada Xitoydan keltirilgan yuqori samarali dastgohlar o`rnatilgan. Mahsulotlarning barchasi esa eksportga chiqarilmoqda.
Senat Raisi mazkur korxonada faoliyat yuritayotganlarning ish jaaryoni, yaratilgan sharoit va turmush tarzi bilan qiziqdi hamda suhbat qurdi.
To`raqo`rg`on tuman, “Oqtosh” MFYda joylashgan “Oqtosh tekstil” MChJ – Senat Raisining navbatdagi tashrif manzili bo`ldi.
“Oqtosh tekstil” MChJ tomonidan sochiq to`qish va tikuv sexni va korxonaning 2-bochqich loyihasi hamda qurilish jarayoni va uskuna sotib olish uchun 4,5 mln. AQSh dollari kredit mablag`alari ajratish masalasi ko`rib chiqildi.
O`z faoliyatini 2013 yilda boshlagan ushbu muassasada hozirda 400 nafar kishi mehnat qiladi. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yo`naltirilgan. Shu jumladan, joriy yilning o`tgan 9 oyida 4,5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Eksportlar asosan Rossiya, Polsha, Ukraina davlatlariga amalga oshiriladi. Ushbu yangi loyiha ro`yobga chiqarilishi natijasida qo`shimcha 1200 ta yangi ish o`rni yaratilishi nazarda tutilgan.
Uskuna sotib olish uchun 4,5 mln. AQSh dollari kredit mablag`lari ajratish masalasi qo`yilgan. Senat Raisi ushbu muammoni o`rganib chiqib, hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga ko`rsatma berdi.
Senat Raisi T.Narbaevaning Namangan viloyatiga tashrifi davom etmoqda.






