Avvalroq, respublikamiz maktablarida faoliyat yuritayotgan o`qituvchi va xodimlardan "COVID-19"ga test olish hamda bepul dorilar bilan ta`minlash ishlari olib borilayotgani xabar qilingan edi.
Bugungi kunga qadar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o`rta ta`lim maktablarining barcha o`qituvchilari hamda boshqa ishchi xodimlarning aksariyati maxsus laboratoriya usulida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o`tkazilgan. Bu xaqda Xalq ta`limi vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek Xalq ta`limi vazirligi, uning hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo`limlarida Shtablar tashkil etilgan bo`lib, ular tomonidan umumta`lim maktablari faoliyatini xavfsiz va belgilangan vaqtinchalik sanitariya talablari asosida tashkil etish yuzasidan kunlik bajarilayotgan ishlar bo`yicha ma`lumot almashinuvi yo`lga qo`yilgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi va Xalq ta`limi vazirligining “COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy o`rta ta`lim maktablariga tibbiyot xodimlarini biriktirish va faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi qo`shma qarorga ko`ra, respublikada mavjud 9 986 ta umumiy o`rta ta`lim maktablariga tibbiyot xodimlari, patronaj hamshiralar, tuman tibbiyot birlashmalari, davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari, hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari biriktirilgan.
Shuningdek koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlari, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishini oldini olish va davolash maqsadida Xalq ta`limi vazirligi hamda Sog`liqni saqlash vazirligining qo`shma qarori imzolangan va unga ko`ra barcha o`qituvchi va xodimlar gidroksixloroxin xamda sink preparati bilan bepul ta`minlanmoqda.
Hozirgi kunda maktabda faoliyat yuritadigan xodimlardan test olish jarayoni davom etmoqda. Test topshirish tadbirlariga qamrab olinmagan xodimlar hududlardagi xalq ta`limi boshqarmalari hamda sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazlariga murojaat qilishlari mumkin, deyiladi rasmiy xabarda.






