Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o`rinbosari Saida Mirziyoeva Jaloliddin Manguberdi haqidagi serialni yaratilishi haqida o`z xotiralari bilan o`rtoqlashdi va film tashabbukorlari hamda ijodkorlariga o`z minnatdorchiligini izhor qildi.
"Otam Samarqand viloyatining hokimi lavozimiga tayinlanib, biz Jizzaxdan Samarqandga ko`chib kelganimizda, bu shahar menda qanday taassurot qoldirganini juda yaxshi eslayman. Otam ozgina bo`sh vaqt topdilar deguncha, bizga Samarqandni ko`rsatar, tarixiy obidalar bilan tanishtirar va buyuk tarixiy shaxslar haqida so`zlab berar edilar. Bo`sh vaqtimda tez-tez o`sha qadimiy maskanlarni ziyorat qilar, buyuk qahramonlar hayotini o`rganar edim. Shohi Zinda, Bibixonim, Registon maydonida yurar ekanman, xayolimda o`sha tarixiy davrlarni tasavvur qilar edim. Go`yo atrofimda bir necha asr oldingi hayot qaynayotgandek, sershovqin bozorlar, otlarning kishnashi va saroy sahnalari...
Tasavvurimdagi o`sha ajib voqealar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.
Va bir kun kelib, imkoni bo`lishi bilanoq, ushbu tarixiy shaxslar haqida biron film olinishiga o`z hissamni qo`shaman, degan niyat bo`lar edi. Chunki, faqat filmlar orqaligina o`sha manzarani tasvirlab berish mumkin, deb o`ylardim. Bir so`z bilan aytganda, mening tarixga bo`lgan qiziqishim aynan Samarqanddan boshlangan," deydi prezident Shavkat Mirzyoevning qizi.
Yillar o`tib, taqdir taqozosi bilan u O`zbekiston imidjini xorijiy davlatlarda shakllantirish, matbuot va targ`ibot ishlariga mas`ul bo`lib faoliyat yuritishni boshlaganida Madaniyat vaziri, el sevgan xonanda Ozodbek Nazarbekov tomonidan Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi haqidagi serialni turk hamkasblari bilan suratga olish taklifini olganini aytgan.
"Albatta, biz bu g`oyani qo`llab quvvatladik. Chunki, o`zingiz yaxshi bilasiz, afsuski o`zbek milliy kinochiligida tarixiy shaxslar, buyuk allomalarimiz hayotiga bag`ishlangan seriallar deyarli yo`q darajada. Seriallar yaratilishi esa nafaqat tarixni o`rganish, balki buyuk bobolarimiz hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Bunday seriallar har bir o`zbek millati vakilida milliy g`ururni shakllantiradi, o`zbek xalqining qaddini yanada baland ko`taradi", deydi S.Mirziyoeva film haqida.
Orient Finans Bank bu loyihani to`liq moliyalashtirishga rozi bo`lgan. Turkiya ijodkorlari bilan hamkorlikda 30 gektarlik erda suratga olish maydonlari yaratilgan. Jaloliddin saroyi, jang maydonlari barpo etilgan.
"...O`sha davrdagi milliy kiyimlarimiz, urf-odat va an`analarimizning har bir detallariga alohida yondashuv bo`ldi. O`zbek va turk aktyorlari esa qilichbozlik, otda jang qilishdan tortib, to kunlik jismoniy tayyorgarlikni ham o`tadilar. Hammasi juda yaxshi ketayotgan edi, lekin birdaniga pandemiya balosi bizning ishga ham jiddiy zarar keltirdi. Karantin davrida suratga olish ishlari rejadan chiqib ketdi. Qanchadan qancha ijodkorlar Turkiyada yashab, o`sha erda sabr qilishiga to`g`ri keldi. Ochig`ini aytaman, men bu loyihamiz bu yil yakunlanishiga shubha qila boshladim. Lekin Allohning qo`llab-quvvatlashi, fidoyi ijodkorlarimizning sayi harakati bilan mana, bugun taqdimot kunigacha ham etib keldik.
Bugun ushbu serialning birinchi qismini namoyish qildik. Albatta, bu serial turli bahs, munozara, balki tanqidlarga ham uchrar. Biz bunga tayyormiz. Biz fikrlar xilma-xilligini qo`llab-quvvatlaymiz. Har bir fikrni hurmat qilamiz. Va nima bo`lganida ham, oldimizga qo`ygan har bir rejamizni oxiriga etkazamiz. Bu loyihani ham uddalay oldik, deb o`ylayman. Buning uchun barcha ijodkorlarga, aktyorlarimizga, homiy Orient Finans Bank rahbariyatiga, Madaniyat vazirligiga va shaxsan Ozodbek Nazarbekov hamda loyiha bosh prodyuseri Mehmet Bo`zdag`ga minnatdorlik bildirmoqchiman.
Yana bir bor g`urur bilan aytaman, biz uddaladik!", deya o`z ishidan mamnun bo`lgan S.Mirziyoeva.






