Amerikalik olimlarning fikriga ko`ra ilgari bolalarda aniqlangan, COVID-19 bilan bog`langan o`tkir yallig`lanish sindromi endi kattalarda ham uchrayati.
Bemorlarda nafas yo`llari kasalliklari bo`lmagan, ammo yurak va oshqozon-ichak trakti bilan bog`liq muammolar kuzatilgan, deb xabar beradi Forbes.ru.
COVID-19dan tuzalgan bemorlarda MIS-Cga o`xshash MIS-A yallig`lanish sindromi paydo bo`lishi mumkin. Bu bolalar va o`spirinlarda koronavirus tufayli yuzaga keladigan og`ir asoratdir. Bu haqda AQSh kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi o`zining haftalik hisobotida ma`lum qildi.
Bolalardagi sindromning alomatlariga yallig`lanish jarayoniga qo`shimcha ravishda yurak muammolari va qorin og`rig`i ham kiritilgan. Shuningdek, yurak-qon tomir tizimi va oshqozon-ichak trakti bilan bog`liq alomatlar bilan birga dermatologik va nevrologik simptomlar bilan murojaat qilgan 27 nafar yoshi katta bemor holati haqida ma`lum qilingan. Ularda o`tkir nafas yo`llari kasalligi kuzatilmagan. Ammo koronavirusga topshirgan testi musbat natija ko`rsatgan. AQSh kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining ta`kidlashicha, sindromning qanday rivojlanishini tushunish uchun qo`shimcha tadqiqotlar o`tkazish kerak. Hozircha mutaxassislar faqatgina COVID-19ni davolash MIS-A kabi og`ir asoratning oldini olishga sabab bo`lishi mumkinligini ta`kidlamoqda.
Mutaxassislar 16 bemorning holatini batafsil bayon qilmoqda. Gap AQSh va Buyuk Britaniyalik 21 yoshdan 50 yoshgacha bo`lgan 16 kishi haqida ketmoqda. Ularning yurak-qon tomir tizimida asoratlar, jumladan, aritmiya borligi aniqlandi. O`n ikki nafar bemorda yuqori harorat bo`lgan. Ammo MIS-A boshlanishidan oldin atigi sakkiz nafarida shamollash alomatlari kuzatilgan. O`n nafar bemor intensiv terapiyaga yotqizilgan, ularning ikki nafari vafot etgan.
Yuz.uz yozishicha, koronavirus bilan og`rish va MIS-A kabi og`ir asoratning paydo bo`lishi o`rtasida qancha vaqt o`tishi aniq emas. Shu sababli, noaniqlik kuchayadi: sindrom virusli kasallikning o`tkir shaklda namoyon bo`lishi yoki “yuqumli kasallikdan keyingi jarayon” bo`lishi mumkin. Odatda COVID-19 belgilari haqida xabar bergan bemorlarda o`rtacha 2-5 haftadan so`ng MIS-A sindromi rivojlanadi.






