“Mening ismim Xon”, “Yomg`ir odam” singari filmlarni qiziqish bilan tomosha qilaman.Ularda autizm bilan og`rigan bemorlar hayoti hikoya qilinadi.Men ushbu kasallik haqida batafsil ma`lumotga ega bo`lmoqchi edim.
Nosir Islomov, Qarshi shahri
Zulxumor Azizova, bolalar psixologi:
— Shaxsning o`z ichki kechinmalari ichra yolg`iz qolishi va borliqni to`la idrok etolmasligi — autizmdir. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, autizm asosan bolalar o`rtasida uchrab, har o`n mingtadan o`n besh nafari shu kasallikka chalinadi. Autizm bilan og`rigan bola yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga qiziqmaydi, atrofdagilardan o`zi eshitgan hodisalar mazmuniga tushunib etmaydi, boshqalar bilan munosabat o`rnatishga qiynaladi.
Asosiy belgilari
Bu kasallikning sabablari to`la o`rganilmagan. Ba`zi olimlar homiladorlikni yomon o`tkazgan onalardan dunyoga kelgan bolalarda autizm paydo bo`lishi mumkin deb hisoblaydilar. Ayrim olimlar esa bu holga tug`ruqning og`ir kechishi sabab bo`ladi deya taxmin qilishadi. Olimlarning boshqa bir guruhi autizm nasldan-naslga o`tishini ta`kidlaydilar. Bola sakkiz oylik bo`lganida kattalar uni erkalatganda go`yoki so`zlarni eshitmayotgandek parvo qilmaydi (bu vaqtda onalar uni quloq doktoriga ko`rsatishlari zarur, chunki autizm tufayli bosh miyadagi tovushlarni idrok etuvchi po`stloq qavatining ishi izdan chiqqan bo`lishi mumkin).
Autizmga chalingan o`n oylik bolalar sog`lom tengdoshlari kabi serharakat emas, qiqirlab kulmaydi, onasiga ham intilmaydi. Bir yoshli bo`lganda esa yangi narsalar (buyum, o`yinchoq kabilar) dan cho`chiydi, xavotirlanadi, nutqi ham kech rivojlanadi.
O`n to`rt oylik bemor bolalar o`yinchoqlarni ko`rsatganda quvonmaydi, olishga harakat qilmaydi. O`n sakkiz oylik bo`lganlarida biror buyumni olib ber deb imo qilmaydi, hatto o`yin mashg`ulotlariga parvosiz qaraydi. Qattiq tovushlar, suv shildirashi va yorug`likdan qo`rqadi. Ikki yoshga etishgach, o`yinchoqlarning faqat shakliga e`tibor beradi, mazmuni bilan qiziqmaydi. Yangi sharoitni yoqtirmaydi.
Uch yosh va undan keyin...
Autizmni boshdan kechirayotgan bola uch yoshga to`lganda onasi yoki oilasidagilardan kimningdir biror joyga ketishiga beparvo qaraydi, ularni sog`inmaydi, chunki his-hayajonlari yaxshi shakllanmagan bo`ladi.
Uch yoshdan keyingi yillarda bola tengqurlariga qo`shilmaydi, odamoviligi yaqqol seziladi.
She`rlar yoki matnlarni birpasda yod oladi, lekin ularni his-hayajonsiz shunchaki, mazmuniga tushunmagan holda o`qiydi.
Gapini kimdir bo`lib qo`ysa yoki unga nimanidir tushuntirmoqchi bo`lishsa tezda jahli chiqadi.
Kattalarning ko`ziga tik qarolmaydi, agar kimdir tikilib tursa bunga toqat qilolmaydi.
Bir xildagi rejimga rioya qiladi. Kimningdir aralashuvi bilan bu rejimning buzilishi uning kayfiyatiga yomon ta`sir ko`rsatadi.





