Toshkentda 69 yoshli erkakka suiqasd qilgan 23 yoshli qizga nisbatan sud hukmi o`qildi. Mazkur sud ishi haqida Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Nargiza QOSIMOVA ma`lum qildi...
1997 yilda tug`ilgan, turmushga chiqmagan qiz 2018 yil noyabr oyida 69 yoshli erkak bilan tanishadi. Muntazam ravishda u bilan uning Toshkentdagi uyida ixtiyoriy ravishda birga bo`lib kelgan va 2019 yil fevralda ushbu xonadonga ko`chib o`tgan. To`lov evaziga uy yumushlarini bajargan. Qiz tanishining yashash sharoitlari va mol-muklarini ko`rib, uning mashinasi va qimmatbaho buyumlarini bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida tanishini qasddan o`ldirish rejasini tuzadi. Mart oyida tanishining yotoqxonasida joylashgan kravatdagi yostiq tagiga oshxona pichog`ini yashirib qo`yadi. Odatdagidek u bilan ixtiyoriy ravishda birga bo`lgach, yostiq tagiga yashirib qo`ygan pichoq bilan erkakning bo`yin qismiga urgan. U olgan jarohati natijasida qizga qarshilik ko`rsatib, undan qocha boshlaydi. Biroq qiz xonadonda bo`lgan temir gantel bilan qurollanib, uning orqasidan quvadi va uning bosh ensa sohasiga urib, erga yiqitadi. So`ng erkakni o`ldirish maqsadida bo`ynidagi kesilgan jarohati – qon tomirini barmog`i bilan uzadi. Shu vaqt ko`chadan o`tib ketayotgan fuqaro uning jinoiy harakatlariga chek qo`ygani sababli o`ziga bog`liq bo`lmagan holatga ko`ra, maqsadini oxiriga etkaza olmaydi.
Qiz jinoiy rejasini oxiriga etkazish maqsadida fuqarolik burchini bajarayotgan kishiga faol qarshilik ko`rsatadi. Uning qo`lidan chiqib ketadi. Qiz tanishiga tegishli «Lacetti» mashinasini qo`lga kiritish uchun uyga qaytib kiradi. Javondan mashina kalitini olib, temir darvoza yordamga kelgan kishi tomonidan yarim yopilgan bo`lishiga qaramay, mashinaning orqa qismi bilan urib voqea joyidan yashirinishga uringan. Biroq shu joyga etib kelgan IIB xodimlari tomonidan to`xtatib qolinadi hamda mashina boshqaruvini yo`qotadi. Ushbu ko`chada turgan ikkita mashinalarga to`qnashgan.
“YoShLIGIMNI INOBATGA OLIB, ENGILROQ JAZO TAYINLANIShINI SO`RAYMAN”
Sudda sudlanuvchi e`lon qilingan ayblovga qisman iqrorlik bildirgan...
— Tanishim bilan ko`chada aylanib yurib, undan hojatxonaga olib borishni so`radim. U uyiga olib bordi, u erda bir o`zi yashashini bildim. So`ng tanishimning telefon raqamini yozib oldim. Keyinchalik u bilan yozishib yurdim. Bir gal uyiga taklif qildi, yarim tunda bordim. Tanishim birga bo`lishni taklif qildi, shunda “pul bersangiz, rozi bo`laman”, dedim. Har gal 100.000 yoki 150.000 so`m berardi...
O`sha kuni pichoq bilan bo`yin tomoniga bir marotaba pichoq urganimda birdan o`rnidan sakrab turdi. Shu orada u pichoqni qo`liga olib, meni qo`li bilan itarib yubodi. Ko`zimga mushti bilan urdi. Yotoqxonadan qo`lidagi pichoq bilan tashqariga kiyimsiz holda yugurib chiqdi. Yotoqxonadagi 5-6 kg.li gantelni olib, uning ortidan yugurdim. Ko`chaga chiqish darvozasini katta qulfni ochayotgan vaqtda unga etib oldim. Meni yana qo`li bilan itarib yubordi, gul tuvagiga boshim bilan yiqildim. Battar jahlim chiqib, gantelni qo`limga olib orqasidan ko`chaga yugurib chiqdim. Ariqning yonida unga yugurib etib olib, gantel bilan boshiga urdim. Shu payt bir qo`shni kelib qolib, meni to`xtatmoqchi bo`ldi. Qo`shni qo`limni qattiq ushlab olgani uchun gantelni tashlab yubordim. Qo`shniga qarshilik ko`rsatishga kuchim qolmagani bois qo`lidan chiqib, tanishimning uyiga qaytib kirdim. Mashinasining kalitini olib, hovlining ichida mashinani oldini to`g`rilash uchun burib oldim. Bu paytda qo`shni ko`cha darvoza eshigini yopganini ko`rdim. Shunga qaramay, mashinani darvozaga qarab haydadim va darvozani buzib chiqib ketdim. Katta yo`l tomon chiqib ketmoqchi edim, ko`p odamlar turganini ko`rib qo`rqib ketdim va “tormoz bosaman”, deb gazni bosib yuboribman. Natijada to`g`rida turgan mashinalarni orqa qismiga borib urildim. Mashinadan meni ichki ishlar xodimlari chiqarib, IIBga olib borishdi.
Hozirda qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman, kechirim so`rayman. Sodir etgan qilmishimning oqibatini tushunib etdim. Yoshligimni inobatga olib, engilroq jazo tayinlanishini so`rayman.
— Sudlanuvchi JKning 25, 97-moddasi 2-qismi, «i» bandi, JKning 164-moddasi 3-qismi «b,g» bandlari, JKning 219-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi.
JKning 59-moddasi tartibida sudlanuvchiga jinoyatlar majmui tariqasida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
S.ALLABERGANOVA, jurnalist