Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi Qutbiddin BURHONOVning ma`lumotiga ko`ra, Ichki ishlar organlari tomonidan aniqlangan sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo`lgan predmetlarning 58 foizi ko`chada, 22 foizi bozorlarda, 24 foizi ta`lim muassasalarida topilgan.
Buning oqibatida fuqarolar o`rtasida o`zaro janjal sababli bir-biriga turli darajadagi tan jarohatlari etkazilmoqda. Bu jamoat xavfsizligiga tahdid solayotgan, barchada tashvish uyg`otayotgan salbiy holdir.
Bunga chek qo`yish maqsadida «Jamoat xavfsizligini ta`minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonun ishlab chiqildi. Shu asosda Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining ikkinchi qismidagi bandlar o`zgartirilmoqda.
Jinoyat kodeksi 104-moddasi bo`yicha 2017, 2018 va 2019 yillarda jami 3 ming 790 jinoyat sodir etilgan bo`lib, shundan 906 tasida yoki 24 foizida pichoqdan foydalanilgan holda jarohat etkazilgan.
Bu esa qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo`lgan boshqa vositalarni ishlatib qasddan badanga shikast etkazish bilan bog`liq jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida javobgarlikni og`irlashtiruvchi normalarni kiritish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Yuqoridagi moddalarga kiritilayotgan o`zgartishlar ham shu maqsadga qaratilgan.
Shuningdek, ta`kidlanishicha, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 14, 245, 287-moddalari to`ldirilib, kodeksga yangi 185-2 va 185-3-moddalari qo`shilmoqda.






