Avval xabar qiliganidek, 2020 yil bugun, 5 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasining videokonferensaloqa tarzidagi sayyor majlisi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasida bo`lib o`tdi. Unda “Raqobat to`g`risida”gi Qonunning “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports”, “O`zbekiston temir yo`llari” hamda “O`zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.
Majlisda “Raqobat to`g`risida”gi Qonunning “O`zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ijro etilishi holatiga urg`u berildi.
Ta`kidlanganidek, “O`zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati 1994 yilda maydalovchi po`lat soqqalar mahsuloti bo`yicha va 2020 yilda lom va qora metallar chiqindilarini (xarid qilish) tayyorlash xizmati bo`yicha Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo`jalik yurituvchi sub`ektlar davlat reestriga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyuldagi “O`zmetkombinat” AJni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” gi qaroriga muvofiq “O`zmetkombinat” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarishga “SFI Management Group” MChJ XK kompaniyasi jalb qilingan.
Mazkur qarorga asosan “O`zmetkombinat” AJ respublika hududida qora metall parchalari va chiqindilarni tayyorlash (xarid qilish) bo`yicha yagona vakolatli organ hisoblanadi hamda respublika hududida yig`ilgan metallolom faqat kombinatga topshirilishi lozim.
Shu bilan birga, qora metallardan metall mahsulotlarini ishlab chiqarish bozorida import qilingan metal parchalari va boshqa metall mahsulotlaridan foydalanib faoliyat yuritayotgan 1,2 mingdan ortiq xo`jalik yurituvchi sub`ektlar mavjud bo`lsa-da, har yili metalldan tayyorlangan mahsulot ishlab chiqarish va sotish uchun tuziladigan xom-ashyo bazasining moddiy balans jadvali boshqa metall quyuvchi korxonalarning ehtiyojlarini hisobga olmagan holda tuziladi.
Bunda metall parchalarini qabul qilish faqatgina “O`zmetkombinat” AJning tizimidagi “Ikkilamchiqorametallar” bo`linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Qora metall parchalari va chiqindilarining xarid qiymatining past narxlarda ekanligi sababli tabdirkorlar va aholi ularni “O`zmetkombinat” AJ taklif etayotgan narxlarda topshirishdan manfaatdor emas.
Qolaversa, Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining 2020 yil 13 maydagi 06/1-783-sonli bayonnomasi bilan joriy yilning 1 iyunidan yil oxirigacha “O`zmetkombinat” AJda ishlab chiqariladigan tovarlarning analogini respublikaga import qilishning taqiqlanishi ham raqobat muhitiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.
Buning oqibatida qurilishda ishlatiladigan metall mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida 8 yil davomida faoliyat yuritib kelgan “MODERN METALL” MChJ korxonalar guruhi ishlab chiqarishni to`xtatishi va 700 ga yaqin ish o`rinlari yo`qotilishi mumkin.
“O`zmetkombinat” AJda mavjud individual imtiyoz va preferensiyalar bozorning boshqa ishtirokchilari uchun teng bo`lmagan sharoit yaratmoqda.
Shuningdek, “O`zmetkombinat” AJda katta miqdordagi sohaga ta`luqli bo`lmagan aktivlarining mavjudligi moliyaviy mablag`lar va vaqt resurslarining noto`g`ri yo`naltirilishiga olib kelmoqda.
Ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat qo`mitasining tegishli qarori qabul qilindi.






