2020 yil 4 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Qo`qon shahridagi holat. IIB xodimi avtomobil boshqargan holatda telefonda gaplashib ketyapti. Xo`sh, unga chora ko`riladimi?” sarlavxali videoxabar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Farg`ona viloyati IIB munosabat bildirdi.
Xabar o`rganilganda, “Matiz” rusumli 40C260QA davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi Qo`qon shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori K.M. ekanligi, uning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi barcha hujjatlar to`liq ekanligi, ammo 2020 yil 04 oktyabr kuni soat 08:30larda Qo`qon shahar Farobiy ko`chasi bo`ylab avtomobilda harakatlanish jarayonida uyali aloqa vositasidan foydalanib, xavfsizlik kamarini taqmagan holda yo`l harakati qoidalarining 9,12-bandlarini buzib harakatlanganligi aniqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 34-moddasida “Basharti shaxs bir necha ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan bo`lib, shu haqdagi ishlar bir vaqtning o`zida ayni bir organ (mansabdor shaxs) tomonidan ko`rib chiqilayotgan bo`lsa, bu shaxsga nisbatan qo`llaniladigan uzil-kesil jazo og`irroq ma`muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qo`llaniladi.” deb belgilab qo`yilganligi sababli profilaktika inspektori K.M.ga nisbatan sodir etilgan qoidabuzarliklarning og`irrog`i bo`lgan, yo`l harakati qoidalarining 12-bandida nazarda tutilgan huquqbuzarlik, ya`ni avtomobil boshqarish davomida uyali aloqa vositasidan foydalanganligi uchun tegishli tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
"Shu o`rinda, Ichki ishlar boshqarmasi boshqa haydovchilar bilan birgalikda ichki ishlar organlari xodimlarining ham yo`l harakati qoidalariga amal qilishlariga befarq bo`lmagan fuqarolarga o`z minnatdorchiligini bildiradi.
Biz hamisha mana shunday huquqbuzarliklarga murosasiz munosabatda bo`lib, hamkorlikda yo`llarda sodir etilayotgan qoidabuzarliklarga o`z vaqtida tegishli choralar ko`ramiz", - deyiladi Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati xabarida.






