— Allo, “Darakchi” eshitadi.
— Assalom aleykum. Men “Modern lift systems” MChJ vakiliman. Kompaniyaga Xitoy investori tomonidan asos solingan. Bir necha oy oldin shu kompaniyada ishlab ketgan hisobchi tomonidan Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi hisobiga 7,8 milliard so`mdan ortiq mablag` texnik xatolar sababli o`tkazib yuborilgan. Endihech qanaqasiga pullarimizni qaytarib bo`lmayapti. Bizga yordamingiz kerak! Kompaniya 5 oydan oshiq katta miqdordagi savdo aylanmasini yo`qotgan.dollar kursi esa oshib ketyapti. Hamma tarafdan qarzga kiryapmiz...
— Tushunarli. Bizga hujjatlaringizni yuboring, o`rganamiz.
Qarorlar ijrosi soliq manfaatiga moslashtirilgan
Juda kulguli va ayni damda achinarli holat ham. Mamlakatimizga investorlarni jalb qilishning o`zi bir muammo bo`layotgan bir paytda investorlik asosida katta loyihalarda ishtirok etib kelayotgan mazkur kompaniyaning pullarini qaytarish nega paysalga solinayapti?Bu ishni rosa o`rgandik. Xatlar yuborilmagan tashkilot (vazirlik) qolmadi. Hammasida “otangga bor, onangga bor”ning siyosiy versiyasi - “qonunda belgilangan tartibda chora ko`rilishi maqsadga muvofiq” qabilidagi umumiy shablon javoblar. Echim mutlaqo yo`q! E, baraka topgurlar, bir insonning 7,8 milliard so`m puli, buning ortida qancha ishchilar taqdiri qo`lingizda. Ularni qaytarish o`rniga esa avvaliga Guliston shahar soliq inspeksiyasi tomonidan ushbu kompaniya yillar davomida soliq imtiyozlaridan noto`g`ri foydalanganligi iddao qilinib, turli qarorlar va Farmonlar bandlarini o`zlariga moslashtirib mujmal javoblar asosida korxonaga 7,8 milliard so`mdanda ko`proq soliq qarzdorligi yuklab qo`yildi. Kulishingniyam, yig`lashingniyam bilmaysan kishi. Shundan so`ng jurnalistik surishtiruv boshlangach, Davlat soliq qo`mitasi mas`ullari o`tkazib yuborilgan 7,8 milliard so`m mablag`dan 4,2 milliardi qaytarilishi va qolgan 3,6 milliard so`ming qaytarilishi yuzasidan kompaniyaning sudga murojaat qilishi mumkinligi tushuntirilib, munosabat bildirildi. Ko`rdingizmi, Guliston davlat soliq boshqarmasi, PUL QAYTARILAR EKAN...
Pullar bo`lib-bo`lib qaytarilar ekan
Bugun esa Soliq qo`mitasi munosabati ijrosini ta`minlash, tadbirkor-investorning o`z haqini qaytarish zimmasi yuklatilgan oxirgi bosqich – Sirdaryo viloyat Soliq boshqarmasi nega ishni paysalga solyapti? Kompaniya vakilining ma`lum qilishicha, boshqarma tomonidan investorga qaytarilishi zarur bo`lgan 4,2 milliard so`m mablag` bo`lib-bo`lib, har 10 ish kunida 500 million so`mdan qaytarilar ekan. Bu ularning iltimosi. Tasavvur qiling-a, bu 9-10 oy degani. Mana sizga investorlar uchun yaratilayotgan “shart-sharoit va imkoniyatlar”! shungayam “xo`p” deyishgan. Lekin mana 20-25 kun o`tgan bo`lsa-da, atigi 500 million so`m qaytarilgan. Tasavvur qiling-a, bu endi 18-20 oy degani. Sizlarga nima? Muhimi, sizlarga zarar etmasin.
Hurmatli, Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi!
- Bir hisobchining texnik xatosi sabab sizga o`tib ketgan katta miqdordagi mablag` 5-6 oydan beri qaytarilmasligi natijasida tadbirkor-investorning savdo aylanmasiga salbiy ta`sir ko`rsatayotganingizni his qilyapsizmi?
- Investor yillar davomida soliq imtiyozlaridan noo`rin foydalangan ekan, 100 ming so`m soliq qarzini ham eslataverib charchamaydigan soliq xizmati nega o`z vaqtida investordan soliqlarni undirmagan-u, adashib pul o`tkazib qo`yishgach, uyg`onib qolishdi?
- Sizning xatoyingiz Qo`mita tomonidan isbotlanib turgan bir paytda mablag`larni qaytarmayotgan har bir kuningiz uchun tadbirkorni moddiy ziyonga etaklayotganingizni bilasizmi?
- Nollari ko`p bo`lgan buncha mablag`ni bo`lib qaytarish qaysi qonun me`yorlariga to`g`ri kelishini asoslarsiz, balki?
- Muammo aynan qaysi nuqtada, qaysi mutasaddi tashkilotda ekanligini aytarsiz, balki?
Yig`ilib qolgan savollar bisyor. Achinarlisi esa bu kabi investorlar yurtimizga yangi kirmoqchi bo`lgan investorlarga qanday maslahat berisharkan?... Investorlarga Davlat siyosati darajasida e`tibor qaratilib, imtiyozlar berilayotgan bir paytda tadbirkorni bu tarzda “bo`g`ishingiz” nimasi? Mas`ullardan yuqoridagi savollar bo`yicha izohlarini kutib qolamiz. Bu mavzuga albatta qaytamiz.
Sardorbek Rahmonqulov






