O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Adiministrasiyasi, Xalq qabulxonasi mas`ul xodimlari boshchiligidagi 20 ga yaqin vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida o`tkazilayotgan sayyor qabul bugun Buxoroda boshlandi va 9 oktyabrgacha davom etadi.
Topshiriqqa muvofiq, aholi dolzarb masalalarini hal qilish, eng ko`p murojaatlar kelib tushayotgan sohalar bo`yicha muammolarni tezkor ko`rib chiqish maqsadida hududlarda karantin qoidalariga qat`iy rioya qilgan holda 7 oktyabrda Buxoro va Kogon shahri aholisining muammoli masalalari o`rganildi. 8 oktyabr kuni esa Vobkent tumanidagi "Porloq kelajak" oromgohi binosida Vobkent, Shofirkon va G`ijduvon tumanlari aholisi uchun ertalabki soat 8 00 da va peshindan keyin soat 15.00 da Romitan tumanidagi "Oromitan" oromgohi binosida Romitan, Peshku va Buxoro tumanlari aholisi uchun sayyor qabullar belgilangan. 9 oktyabrda ertalabki soat 9 00 da esa Jondor, Qorako`l va Olot tumanlari aholsi uchun Jondor tumanidagi "Istirohat" bog`ida sayyor qabul davom etadi.
Ma`lum qilinishicha, shu kunga qadar Qoraqalpog`iston Respublikasi va Toshkent viloyatida sayyor qabullar o`tkazilgan.
Sud-huquq, uy-joy, moddiy yordam, ijtimoiy ta`minot, prokuratura va ichki ishlar, sog`liqni saqlash, bank sohalari, ichki yo`llarni ta`mirlash, gaz va elektr ta`minoti, kommunal xizmat, mehnat va bandlik... Ularda o`rganilgan masalalar ana shulardan iborat bo`ldi...
Mazkur qabullar Toshkent viloyatining Bekobod, Olmaliq, Yangiyo`l, Angren, Ohangaron, Chirchiq, Nurafshon shaharlari hamda Zangiota va Bo`stonliq tumanlarida bo`lib o`tib, ularda viloyatning barcha hudud aholisi qamrab olindi. O`rganish holatlarini aniq misollarda keltiradigan bo`lsak, sud-huquq masalalari bo`yicha sayyor sud majlislari o`tkazilgan holda, jazoning o`talmagan qismidan 41nafar mahkum jazoni o`tashdan shartli ravishda va 16 nafar tayinlangan jazoni muddatidan avval ozod qilindi, 39 nafar mahkumlarning jazosi boshka engilrok jazo turiga almashtirilib, jazoni ijro etish muassalaridan ozod qilindi.
Majburiy ijro bo`yicha 13 ta murojaatga asosan qarz va zararni undirishga oid 387,4 mln. so`m undirildi.
80 yoshli otaxonning mushkuli oson bo`ldi
Bir misol – 80 yoshli No``mon Otajonov boshiga esa keksaygan chog`ida mushkul ish tushdi. Yo`l-transport hodisasi otaxoning o`g`li Ne`matni bu yorug` dunyodan olib ketdi. Aybdor haydovchi jabrlanuvchi oilasiga 20 million so`m tovon puli to`lab berishi lozim edi. Biroq aybdor tomon belgilangan jarimaning 12 million so`mini to`lamay kelayotgan edi. Otaxonning murojaatidan so`ng No``mon Otajonov oilasiga 12 million so`m undirib berildi.
Nogiron farzandlari bo`lgan ayolga 2 xonali xonadon beriladigan bo`ldi
Zangiotalik Zulxumor Po`latovaning uy-joy bilan bog`liq muammosi ham ayni shu ommaviy qabulda hal qilindi. Nogironligi bor farzandlari bilan anchadan buyon sarson yurgan edi. Bu ayolga murojaatidan so`ng doimiy yashash huquqi asosida 2 xonali xonadon beriladigan bo`ldi.
Ayni shunday yana nogironlari bor insonlar, boquvchisini yo`qotgan ayollardan 5 nafariga ham doimiy yashash huquqi asosida 5 ta xonadon ajratiladigan bo`ldi.
Gaz, elektr, yo`l... hamon og`riqli masalalardan...
Uy-joy kommunal xo`jaligi, gaz va elektroenergiya ta`minoti, yo`l ta`miri yo`nalishlari bo`yicha kelib tushgan murojaatlar ham mutasaddilar e`tibori markazida bo`ldi.
5 ta holatda suv quvuridagi avariya holatlari hal etildi. 3 ta ko`p qavatli uyning 300 m2 tom qismi joriy ta`mirlandi, 2 ta ko`p qavatli uyning erto`la qismidagi 480 metr oqova suv quvurlari almashtirildi, 1 ta xolatda 42 ta xonadonli ko`p qavatli uyning kanalizasiya quvuri tozalab berildi.
Yangiyo`l shahri “Guliston” mahallasi aholisi esa suv bosimi pastligidan shikoyat qildi. Hududdagi ko`p qavatli uylarga obi hayot to`liq etib bormas ekan. Bu murojaat joyiga chiqib o`rganilgach, markaziy ichimlik suvi quvurini yangilashga kirishildi. Bu bilan ko`p qavatli 24 ta uy, 2 ta ijtimoiy soha ob`ektiga yuqori bosimda suv etkazishga erishiladi.
Gaz ta`minotida 3 nafar kam ta`minlangan oila qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilgan gaz tarmog`iga qayta ulandi, 2 ta GTP da ta`mirlash olib borildi, 2 ta ko`p qavatli uyning 49 ta xonadoni gaz tarmog`iga ulab berildi, MFYga 265 dona gaz balloni etkazib berildi.
Toshkent tumani “Alisher Navoiy” mahallasidagi ichki ko`chalar ta`mirtalabligi anchadan buyon haqli e`tirozlarga sabab bo`layotgan edi. Aholi murojaatidan so`ng ichki ko`chalarga maydalangan tosh to`shalib, asfalt qilishga kirishildi.
Qariyb 1 mingta masalaga joyida echimini topdi va...
Toshkent viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda 3 ming 93 ta murojaat asosida 3 ming 195 ta masala ko`rib chiqildi. Qariyb 1 mingta masalaga joyida echim topilgan bo`lsa, 686 ta murojaat egasiga huquqiy tushuntirish va maslahat berildi, 1 ming 510 ta murojaat bo`yicha aniq muddat va mas`ullar belgilanib, nazoratga olindi.
Hali oldinda sayyor qabullar o`tkaziladigan manzillar ko`p. Shunday ekan, agar sizni uzoq yillarda beri o`ylantirayotgan masalangiz bo`lsa, sayyor qabullar davomida bunga echim topishingiz shubhasiz. Nashrimiz ham mazkur sayyor qabullarda hamkor sifatida ishtirok etishni maqsad qilgan. Gazetxonlar tomonidan uzoq vaqt mobaynida echimini topmayotgan masalalarni hal etish doirasidagi ushbu hamkorlik ham jamiyat rivojida, ham muammolar zarpechakdek yoyilib ketmasdan vaqtida echim topishida samarali bo`ladi, degan umiddamiz. Shunday ekan, hududingizda yoki hayotingiz bilan uzoq muddat echimini topmayotgan muammolaringizni +99895-194-64-16 raqami va shu raqam orqali @darakchipochta telegram manziliga yo`llashingiz mumkin.






