AsosiyJamiyat

Qarzdor ota 27 mln. so`m alimentni to`lamaganligi sababli qamoqqa olindi

'Qarzdor ota 27 mln. so`m alimentni to`lamaganligi sababli qamoqqa olindi'ning rasmi

Buvayda tumani, Ozod qishlog`ida yashovchi U.Jo`raev va O.Jo`raeva turmush qurishib ikki nafar farzandli bo`lishgan edi, biroq U.Jo`raevga endi bu turmush yoqmay qolib (sudda keltirgan vaji) xotini bilan ajrashdi, bolalarini esa tirik etim qildi.

Majburiy ijro byurosining Darakchiga bergan ma`lumotiga ko`ra, fuqarolik ishlari bo`yicha Qo`qon tumanlararo sudi 26.11.2015 yilda U.Jo`raevdan ikki nafar farzandi uchun aliment to`lash majburiyatini belgilagan bo`lsada oxirigi marotaba 2018 yil yanvar oyi uchun to`lovni amalga oshirib, keyin ko`zdan g`oyib bo`ldi. Ijro hujjati bo`yicha unga nisbatan davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e`lon qilindi.

Har qanday qidiruv tadbirlari samara bermadi. Karantin e`lon qilingan mavsum davomida ham uni yashash manzilida aniqlash imkoni bo`lmadi, faqatgina Ozod mahalla faollari yordamida uning tunda uyga kelayotganligi aniqlanib, qidiruv guruhi xodimlari tomonidan tunda yashash uyida qo`lga olindi.    

Qarzdor 2018 yil fevral oyidan 2020 yil sentyabr oyiga qadar hisoblangan 27 mln 232 ming 5085 so`m aliment pulini shunchaki to`lab qo`yishdan bosh tortdi va Bag`dod tuman ma`muriy sudi tomonidan  unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 47-4-moddasi bo`yicha to`plangan hujjatlar ko`rib chiqilib, 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, U.Jo`raevning yashash uyida o`tkazilgan ko`zdan kechirish jarayonida ehtiyojidan ortiqcha bo`lgan alimentni undirishga qaratish maqsadida jihozlar va ashyolar xatlab olindi. Qarzdor 15 sutka qamoq jazosini o`tashi davomida alimentni to`lash yo`llarini o`ylab ko`rishi aniq, chunki aliment to`lamagan taqdirda uni navbatda jinoiy javobgarlik kutib turibdi.

    Boshqa yangiliklar