Ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiyda Samosud” nomi ostida video yozuv tarqaldi.
Bu holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Xabarda aytilishicha holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davrida qo`yidagilar aniqlangan:
Shu yil 03 oktyabr kuni soat 10:30 da Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “Yangi hayot” MFY hududida joylashgan fermer xo`jaligi er maydonida ushbu fermer xo`jalik ishchisi bo`lgan 32-yoshli S.Sh. spirtli ichimlik iste`mol qilib mast holda fermer xo`jaligi rahbari 26-yoshli J.N.,ni sha`ni va qadr qimmatini kamsituvchi har xil qo`pol so`zlar bilan haqoratlagan. Fermer xo`jaligi rahbari J.N. hamda ishchisi S.Sh.,ni yuzi va tanasini turli joylariga urib, tepgan holda jarohat etkazib, bo`yindan arqon bilan bog`lab, qo`shni fermer xo`jaligi traktorchisi fuqaro 28-yoshli S.N. bilan birgalikda uning traktorida fuqaro S.Sh.,ni fermer xo`jalikning dala shiyponiga olib borib, qiynoqqa solib daraxtga bog`lab, tashlab ketganliklari aniqlangan.
O`z navbatida ushbu kuni bo`lgan holatni J.N., o`zining qo`l telefoniga video tasvirga olib tanishi T.R.ga “Telegram” messenjeri orqali yuborgan T.R. ushbu videoni Qiziltepa tumanidagi tanishlariga yuborganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, 2020 yil 04 oktyabr kuni fuqaro S.Sh. fermer xo`jaligi rahbari J.N.,ning Qiziltepa tumani “Azizabod” MFYdagi yashash xonadoniga bir kun oldingi holatga oydinlik kiritish maqsadida borganida fermer xo`jaligi rahbarining otasi 52-yoshli N.V., o`zaro vujudga kelgan tortishuvdan so`ng S.Sh.,ni yashash xonadoniga olib kirib tanasining turli joylariga urib tan jarohati etkazganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qiziltepa tuman IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga engil shikast etkazish) va 138-moddasi 1-qismi (Zo`rlik ishlatib g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Surishtiruv davom etmoqda.
Eslatib o`tamiz O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 1891-moddasi va Jinoyat kodeksining 1301-moddalarida ko`rsatilgan “Zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish” kabi ma`muriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.






