AsosiyShou-biznes

Shahlo TEMIROVA: “E`tirof” olganimdan keyin to`g`ri tug`ruqxonaga ketdim”

“E`tirof – 2015” milliy mukofotining “Eng yaxshi teatr aktrisasi” nomiga sazovor bo`lgan aktrisa Shahlo Temirovani Darakchi.uz muxbiri suxbatga tortdi.

— Shahlo, avvalo mukofotlar muborak bo`lsin! Mukofotni qo`lga kiritishingizni kutganmidingiz?

—To`g`risini aytsam, “E`tirof” mukofotini qo`lga kiritishni juda orzu qilardim, ammo umuman kutmagandim. Kelgusi yillarda olarman, deb umid qilardim. Mukofotlashgan payt homilador edim, mukofotni olgach to`g`ri tug`uruqxonaga ketib qoldim (kuladi). 24 dekabr kuni qizlik bo`ldim, unga  Mohinur deb ism qo`ydik.

—Mukofot qaysi hamkasbingizga nasib qiladi deya tahmin qilgandingiz?

—Kino sohasida Jamila G`ofurova olsa kerak deb o`ylagandim. Teatr sohasida esa yaxshi mehnat qilganlar juda ko`p bo`lgani sababli aniq bir aktrisa hayolimga kelmagan.

—Turmush o`rtog`ingiz ham san`atkor, mukofotni olganingizni u qanday qabul qildi?

—Turmush o`rtog`imga “E`tirof” taqdirlash marosimiga taklif qilishganini aytganimda, u bu ahvolda qanday borasan, baribir mukofot olmaysan degandilar. Mukofotlanganimni e`lon qilishganida esa Shahloga hayajonda hech narsa qilmasmikin deb xavotirga tushdilar.

—Muxlislaringizda shunday savol tug`ildi “E`tirof”ga haqlimidingiz?

—Men haqli yoki haqli emasligimga o`zim baho bera olmayman. Menga shu mukofotni loyiq ko`rishibdimi, shundan xursandman. Agar haqli bo`lmasam endi yanada ko`p mehnat qilib, shu mukofotga haqli ekanligimni isbotlayman.

—Rustam Sa`dievning “Baron” filmidagi rolingizga qisqacha to`xtalsangiz?

—Bu rejissyor Rustam Sa`diev bilan ilk ishimiz edi. O`sha vaqtda ssenariyda men gavdalantirishim kerak bo`lgan ayol ham to`rt oylik homilador bo`lgan, hayotda ham homilador bo`lganim esa film voqealari bilan mos kelgani ayni mudao bo`ldi. Rustam Sa`diev meni maqtaganlarini eshitib juda xursand bo`ldim.

—Sizni ko`pincha qiynalgan ayollar obrazida ko`ramiz, komik filmlarga ham takliflar tushyaptimi?

—Bilmadim, nimagadir rejissyorlar ko`pincha qiynalgan ayollarning rollarini berishadi. Balki qiyofam to`g`ri kelgani uchundir. Ko`p rejissyorlarning qanday rollarni o`ynashni xohlaysiz degan savollariga yuki bor rollar deganim uchunmi, shunday og`ir rollarni berishsa kerakda. Ammo komik rollar o`ynash niyatim va istagim bor, taklif bo`lsa albatta o`ynayman.

 

 

    Boshqa yangiliklar