AsosiyJamiyat

Sirdaryo viloyatida tuman hokimligi sudda yutqazdi

'Sirdaryo viloyatida tuman hokimligi sudda yutqazdi'ning rasmi

Guliston tumaniga ketaverishda yo`l bo`yida joylashgan  to`yxonani ko`pchilik eslaydi. 2013 yildan to 2019 yilga qadar ushbu to`yxona negadir ishlamay turdi. O`tgan-ketganlar tadbirkor shuncha qurilish-ta`mir ishlarini bajaribdiyu, negadir to`yxonani ishlata olmapdi, degan xayolga borardi. 

Hammasi fuqaro Zamira Sharipovaning turmush o`rtog`i Muhsin Sharipovga nisbatan 2012 yil dekabr oyida O`zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi, 3-qismi, “a,v” bandlari, 205-moddasi, 2 –qismi, “a,v” bandlari, 243-moddasi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bilan boshlangan edi. 

Ushbu jinoyat ishi keyinchalik, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi “Amnistiya to`g`risida”gi qaroriga asosan harakatdan to`xtatilgan bo`lsa-da, Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining 2013 yil 12 aprel kungi ajrimiga ko`ra, M.Sharipovning turmush o`rtog`i Z.Sharipovaga tegishli bo`lgan mulk, ya`ni, 569 256 840 so`mga baholangan “choyxona-to`yxona” binosi jinoiy daromadlar legallashtirilgan holda qo`lga kiritilgan, deb topilib, davlat egaligiga o`tkazilishi belgilandi.

Mulkning 2008 yilda xususiylashtirib olingani, uning jinoyat ishiga aloqasi yo`qligi to`g`risidagi Z.Sharipovaning shikoyati 2017 yil 18 mayda Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi kassasiya sudlov instansiyasida ko`rilib, birinchi instansiya sud ajrimi o`zgarishsiz qoldirildi. Ushbu ish O`zbekiston Respublikasi Oliy Sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atida 2018 yil 21 iyunda ko`rilib, sud qarorlari yana o`zgarishsiz qoldiriladi.

Ammo, shikoyatchilar o`z mulklarini qaytarib olish uchun, harakatni to`xtatmaydilar. Jinoyat ishi Oliy sud raisining nazorat tartibidagi protestiga asosan Rayosatda ko`rilib chiqiladi.  

Rayosatning 2019 yil 26 sentyabrdagi ajrimiga asosan M.Sharipovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi umumiy qoidalar bo`yicha dastlabki tergov ishini yuritish uchun qaytarilgan, Toshkent shahar Yunusobod tuman prokuraturasining 2019 yil 4 noyabrdagi ajrimiga asosan M.Sharipovga nisbatan bo`lgan jinoyat ishi M.Sharipovning harakatlarida jinoyat alomatlari bo`lmaganligi sababli Jinoyat Prosessual Kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan reabilitasiya qilingan va unga reabilitasiya tadbiq etilishi belgilangan.

Eng qizig`i, tadbirkor Z.Sharipovaga tegishli mulk – “choyxona-to`yxona” binosi 2018 yil 15 oktyabrdagi Guliston tuman Majburiy ijro byurosi va tuman hokimligi o`rtasida tuzilgan dalolatnomaga asosan, 566 106 146 so`mga baholanib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi 5552-sonli Farmonini asos qilgan holda, tuman hokimining 2018 yil 20 oktyabrdagi 2849-sonli qarori bilan tuman hokimligi balansiga olingan,  so`ngra Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi Sirdaryo viloyat boshqarmasining kimoshdi savdosi orqali 2018 yil 7 dekabr kuni tadbirkor Usmanov I.I.ga 569 256 840 so`mga sotib yuborilgan.

Shikoyatchi, tadbirkor Z.Sharipova o`ziga tegishli mulk 2008 yilda “Temur tongi Yulduzi” xususiy korxonasiga berilganligi, binodan 2013 yilga qadar bo`lgan davrda tadbirkorlik ob`ekti sifatida foydalanib, yillik sof foyda 16 138 919 so`mni tashkil qilganligini, biroq, 2013 yilda binoga ta`qiq qo`yilib, 2019 yilga qadar olishi mumkin bo`lgan 251 mln so`mdan ziyod so`mni daromad sifatida olish imkoniyatidan mahrum qilinganini, tadbirkorlik korxonasi “sinib”, ma`naviy zarar ko`rganligini aytib, tuman hokimligi va tuman moliya bo`limidan 100 mln so`m ma`naviy zarar, binoning hozirgi bozor narxi – 901 919 899 so`mni tashkil qilishi, boy berilgan daromad 251 547 073 so`mni ham undirib berishlarini so`rab, Guliston tuman adliya bo`limiga murojaat qildi.

Da`vogar Guliston tuman adliya bo`limi tadbirkor Sharipova Z. manfaatida Fuqarolik ishlari bo`yicha Guliston tumanlararo sudiga kiritgan da`vo ariza ko`rib chiqildi.

Sud majlisining vaqti va joyi to`g`risida tegishli tartibda xabardor qilinganligiga qaramasdan Guliston tuman hokimligi mas`ul vakillari sudda ishtirok etishmadi. Sud fuqarolik ishini Fuqarolik prosessual kodeksining 220-moddasiga asosan Guliston tuman hokimligi ishtirokisiz ko`rib chiqishni lozim deb topdi. Sud taraflarning ish bo`yicha bergan tushuntirishlarini tinglab, advokatning muzokara so`zi va prokuror yordamchisining arizani qanoatlashtirish haqidagi fikrini eshitib, da`voni qanoatlantirishni lozim deb topdi.

Sudda yuqoridagi faktlar inobatga olindi. Fuqaro Z.Sharipovaga uning mulkining bozor narxidagi qiymati - 901 919 899 so`m, 5 mln so`m ma`naviy zarar hamda boy berilgan daromad 251 547 073 so`mni undirish tuman hokimligi va tuman moliya bo`limidan undirish belgilandi. Tuman moliya bo`limiga aybdor shaxslardan etkazilgan zararni regress tartibida undirish huquqi tushuntirildi.

Va nihoyat haq joyiga qaror topdi. Shu o`rinda bir gap, davlatimiz tomonidan chiqarilayotgan qonunchilik tadbirkor va fuqarolarning mol-mulkini himoyasi uchun o`ylab puxta qabul qilingan hujjatlardir, faqat uni to`liq o`rganish, undan o`z haq-huquqini himoya qilishda to`g`ri foydalanish zarur. O`z huquqini yaxshi bilgan qoqilmaydi.

Olimjon Bozorov,
Guliston tuman adliya bo`limi boshlig`i

    Boshqa yangiliklar