al avval Samarqandda tovuq go‘shtidan 15 kishi zaharlangani xabar qilingan edi.
Ayni paytda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati tomonidan o`tkazilgan epidemiologik tekshiruv natijasida aniqlanishicha, shu yilning 4 oktyabr kuni soat 20:00 larda Samarqand shahar, Ziyokorlar ko`chasi 16-xonadonda shu hovlida boqilgan tovuq go`shtidan sixli kabob tayyorlangan. Uni 10 nafar oila a`zolari va 5 nafar shu xonadonda qurilish olib borayotgan ishchilar iste`mol qilishgan.
Oradan 3 soat o`tib, ularda bosh og`rig`i, ko`ngil aynish, qayd qilish, xansirash, havo etishmasligi kabi klinik belgilar qayd etilib, birozdan so`ng o`zlarini yomon his qilishgach, tez tibbiy yordamga qo`ng`iroq qilishgan.
Shundan so`ng Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazining Samarqand viloyati filialiga murojaat qilgan 15 nafar fuqaroga “metgemoglobin hosil qiluvchi birikmalardan zaharlanish” tashxisi qo`yilgan va malakali tibbiy yordam ko`rsatilgan. Epidemiologik surishtiruvlar va zarur profilaktik tadbirlar o`tkazilgan.
Kasallik qayd etilgan xonadonda o`tkazilgan tekshiruv davomida iste`mol qilingan mahsulotlardan laboratoriya tahliliga namunalar olingan. Natijada ovqatda ishlatilgan tuz mahsuloti xonadon egasi tomonidan olib kelinib alohida selofan idishda saqlangan natriy nitrat moddasi ekanligi tasdiqlagan.
O`tkazilgan davo muolajlaridan so`ng klinik belgilar yo`qolgan, bemorlarning ahvoli yaxshilangan va uylariga javob berilgan.
" So`nggi vaqtlarda aholi o`rtasida ba`zi holatlarda kimyoviy moddalardan, sifati kafolatlanmagan konservalar, marinatlar, oziq-ovqat va spirtli ichimliklardan turli ko`rinishdagi zaharlanish holatlari qayd etilib turibdi.
Bunga ruxsat etilmagan kimyoviy moddalardan uy sharoitida foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik asosiy sabab bo`lmoqda.
Xulosa o`rnida shuni aytish joizki, har birimiz sog`lom turmush tarzi tamoyillariga rioya etib, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga, taom tayyorlash va saqlash tartib-qoidalariga amal qilsak, bebaho boyligimiz sanalmish salomatligimizni saqlashga hissa qo`shgan bo`lamiz", - deyiladi O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma`lumotida.






