Qirg`iziston Milliy banki qarori bilan mamlakatda 7 oktyabrdan transchegaraviy to`lovlar (respublikadan tashqarida)ni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi xalqaro to`lov tizimlari orqali to`lovlarni amalga oshirish to`xtatildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» «Mamlakatdan kapital oqib chiqishining oldini olish uchun SWIFT transchegaraviy to`lovlarni amalga oshirish tizimi ham o`chirildi», — deyiladi bank Facebook’da e`lon qilgan xabarda. Ushbu chora-tadbirlar moliya-bank sektori xavfsizligini ta`minlash va moliya-kredit tashkilotlari aktivlarini saqlash uchun qabul qilingan. Shu sababli 6 oktyabrdan Milliy bank moliya-kredit tashkilotlariga o`z faoliyatini to`xtatib turish va xavfsizlik choralarini kuchaytirishni tavsiya qildi. Moliyaviy xizmatlar onlayn-servislar (telefon, elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar) orqali ko`rsatilishda davom etadi. «Elkart» milliy to`lov tizimi naqdsiz to`lovlar o`tkazish faoliyatini davom ettirmoqda. 8 oktyabrdan Milliy bank moliyaviy tashkilotlarga ish haqi, pensiya, nafaqalarning o`z vaqtida berilishi, shuningdek, aholini naqd pul bilan ta`minlash uchun sharoitlar yaratish maqsadida ish vaqtini 09:00 dan 15:00 gacha etib belgilashni tavsiya qildi. «Mamlakat ichida naqdsiz to`lovlarni o`tkazishda, onlayn-xizmatlar va bankomatlar, POS-terminallar va to`lov terminallari ishida uzluksizlik va xavfsizlikni ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar qabul qilinadi», — deyiladi bank xabarida. Milliy bank vaziyatni kuzatmoqda, u barqarorlasha boshlasa, bank tizimi odatiy rejimda ishlashni boshlaydi, deyiladi xabarda. | |
08.10.2020 18:22
Qirg`izistonda xalqaro to`lov tizimlari orqali to`lovlar vaqtincha to`xtatildi






