Tanzila Norboeva “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bo`yicha sa`y-harakatga chaqiriqni O`zbekiston nomidan imzoladi. Bu haqda Oliy Majlis senatining axborot xizmati xabar berdi. Ma`lum qilinishicha, 9 oktyabr, juma kuni Oliy Majlis senati Raisi Tanzila Norboeva “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bo`yicha sa`y-harakatga chaqiriqning O`zbekiston tomonidan imzolanishi marosimida ishtirok etgan va videomurojaat yo`llagan. Qayd etilishicha, 2019 yil fevral oyida AQSh prezidenti maslahatchisi Ivanka Tramp “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bilan chiqqan. Mazkur tashabbus dunyo bo`ylab ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 18 ta yo`nalishdan iborat bo`lib, 122 million dollar qiymatidagi budjetga ega. Tadbir doirasida O`zbekistonda xotin-qizlarning salohiyatini to`liq ro`yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni ta`minlash davlat siyosati darajasiga ko`tarilgani va bu borada qator ijobiy natijalarga erishilayotgani ta`kidlab o`tilgan. Imzolangan hujjatning maqsad va tamoyillari mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda gender tenglikni ta`minlash bo`yicha olib borilayotgan davlat siyosati bilan hamohang ekanligi qayd etilgan. O`zbekiston mazkur yo`nalishda xalqaro miqyosda manfaatli hamkorlikka tayyor ekanini ma`lum qilgan. |
10.10.2020 00:14