AsosiyJamiyat

Korrupsiya agentligi o`z ishini bilib, shug`ullanishi maqsadga muvofiq— professor

'Korrupsiya agentligi o`z ishini bilib, shug`ullanishi maqsadga muvofiq— professor'ning rasmi

Koronavirusdan kasallangan bemorlarning rasmiy statistikasi yashirib ko`rsatilayotgani, bu masalada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori avval bergan, so`ng rad qilib chiqqan ma`lumotlaridan so`ng Respublika Patologoanatomiya ilmiy-amaliy markazi dirketori, professor Rajabboy Isroilovning shu mavzu yuzasidan munosabati Koronavirus Info rasmiy kanalida e`lon qilindi.

«Avvalo, shuni ta`kidlashni istardimki, har qanday davlat amaldori yoki xodimi ommaga bunday ma`lumotlarni taqdim etishdan oldin, albatta, shu soha mutaxassisidan maslahat so`rashi kerak. Nega desangiz, bunday haqiqatdan yiroq ma`lumotlar bilan bayonot bildirish tibbiyot xodimlariga nisbatan ishonchsizlikni yuzaga keltiradi. Bu masalada vazirlikning 143 nafar deya bergan ma`lumoti to`g`ri hisoblanadi. Bugunga kelib 3 ming nafar atrofida bemor ushbu virusdan davolanmoqda. Shundan 1155 nafari Samarqand viloyatida bo`lishi mumkin emas-ku?! Toshkent shahrida 1000 nafardan ziyod bemor koronavirusdan davolanyapti, viloyatlarda esa bu ko`rsatkich 140—150 kishini tashkil qiladi. Men bu ma`lumotlarni asossiz deb hisoblayman», — deydi Rajabboy Isroilov.

Professorning so`zlariga ko`ra, Akmal Burxonov aslida bunday ma`lumotlar koronavirusga tashxis qo`yadigan laboratoriya xodimlari yoki marhumning murdasi yorilib, mikroskopda ko`zdan kechirilib, haqiqiy virus ekanligi tasdiqlanganidan keyingina shu kabi bayonotni berishi o`rinli.

«Butun dunyoda pandemiya holati ketayotgan davrda kasalliklar ko`pligi va undan davolanayotganlarning soni korrupsiyaga hech qanday aloqasi bo`lmasa kerak, deb o`ylayman. Korrupsiya agentligi o`z ishini bilib, shug`ullanishi maqsadga muvofiq.

Aslida xalqqa biror bir ma`lumotni etkazishda aniq, ishonchli ma`lumotlarga asoslanish kerak, zero har bir gapning ortida javobgarlik turibdi. Ular mutaxassislar bilan maslahatlashmasdan, o`z ma`lumotlari asosida osongina 1155 nafar deb yuboryapti. Men soha mutaxassisi sifatida aytamanki, bunday bo`lishi mumkin emas!» — qo`shimcha qildi professor.

    Boshqa yangiliklar