Shu yil 8 oktyabr kuni Prezident raisligida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida, jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta`minlashga qaratilgan juda ko`plab fikrlar va takliflar bildirildi.
Unda Samarqand viloyati hokimi ko`plab o`zbek ayollari xorijda, xususan Turkiyada uy ishlarini bajarayotgani va O`zbekistonda ham bu kasb egalariga talab oshayotganidan kelib chiqib, oqsochlar tayyorlaydigan markazlar ochishni taklif qilgan.
Hokimning bu taklifi ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo`ldi. Mazkur ma`lumotlarni to`liq va batаfsil bilmagan fuqarolar tomonidan hokim "oqsochlarni tayyorlashni taklif qilyapti" jumlasi ostida tanqidlar "bolalab" ketdi. Shundan so`ng, Erkinjon Turdimovning muhokamalarga sabab bo`lgan taklifiga hokimlik tomonidan qayta izoh berilib, munosabat bildirildi.
Biz bu borada jamoatchilikning eng faol qatlami bo`lgan blogerlar munosabatlari bilan qiziqdik.
"Kontekstdan yulib olish-juda yomon. Samarqand hokimi E.Turdimov kecha selektorda oqsochlik xizmatiga talab oshayotgani, shunga o`rgatadigan markazlar ochish haqida gapirganda menga bachkana tuyulmadi. U to`g`ri gapni aytdi. Ijtimoiy tarmoqda esa uni boshqa o`zanga burib yuborishayotganini ko`rdim.
Uyimga tozalashga, mehmon kutishga yordamga ishonchli, malakali ayol chaqirsam, u halol ish qilib haqini olsa nimasi yomon?
Bitta app ishlab chiqib ham mardikor bozorga chiqadigan ayollarga yandeks taksiga o`xshab ish topib berish mumkin. Qancha ayollar ishlagan joyida haqini ololmaydi. Bozorda talab bormi, o`qitib bersin tekinga davlat. Har tomonlama yutadi..." - o`z munosabatini bildirgan Mikrafon ko`targan ayol.
Bloger Shahnoza ham Turdimov noto`g`ri gapirmadi, deb hisoblaydi.
"...yana tinch joyda jazava boshlamanglar. Kecha o`sha selektorda o`z qulog`im bilan to`liq kontekstda eshitdim.
Butun dunyoda uy xizmatchilarini o`qitish tizimlari bor, bizda ham shuni qilaylik deyapti. Esingizda bo`lsa, bir yillar avval Qo`yliqdagi ayollar mardikor bozoriga Tanzila Norboeva borgani muhokama bo`lgan edi. O`shanda mardikor ayollar ish deb ko`chada, duch kelganga ergashib borib joni, nomusi, sha`ni xatarda qolmoqda, bu jarayonni tartibli qilish kerak, baribir ayollar xizmatiga ehtiyoj bor degan edim. Turdimov ham shunday ayollarga huquqini, professional ishlashni, ruhiy mustahkamlikni va hokazo odamlar bilan ishlashda kerak bo`ladigan usullarni o`rgataylik, boshqalar bilan teng ishlasin, ijtimoiy va huquqiy himoyaga ega bo`lsin degan ma`noda gapirdi. Hamma ham oliy ma`lumotli bo`la olmaydi, bandlik bozori esa hamon sosialistik tutum ta`sirida uy xizmatchilarini kasb deb tan olmaydi. Vaholanki, bu talab yuqori sohalardan, ayniqsa shaharlarda.
Hamma balo bizning uy xizmatchilari, ofisiantlar, enagalarga osmondan kelib, kibr bilan qarashimiz ortidan chiqyapti. Shu qarashimiz tufayli Turdimovning gapini teskari olyapmiz. O`qitmasak, o`rgatmasak, mardikor bo`lib qolaverishadi. O`qitsak, o`rgatsak, malakali yordamchilar, uy xizmatchilari, enagalarga aylanishadi. "Oqsoch" so`zi quloqqa xunuk eshitilgan bo`lishi mumkin. Boshqa atamani qo`llasa bo`lar edi", - mulohaza qilgan u.
Platforma.uz telegram kanalida holat "fitna san`ati" deya baholandi
Kecha ijtimoiy tarmoqlardagi "Erkinjon Turdimov ishi", ayniqsa o`zi oid bo`lgan "oliy orbita"dagi ko`pchilik a`yonlarga ma`qul bo`lgan bo`lsa ajab emas.
Negaki, uzoq yillardan beri hokimlar ichida faqat birgina shu amaldor xalqning haqli e`tirofiga sazovor bo`lib kelayotgan va bu bizdagi mutlaqo "erkin" va "shaffof", buning ustiga, axloqi o`ta legitim "qadriyatlar" bilan sug`orilgan OAVning, ta`bir joiz bo`lsa, sarlavhasiga aylanib ketgan edi.
Jamiyatimizda juda kam rahbarga nasib etadigan bunday e`tibor, tabiiyki, ko`kragiyu butun ta`nasi matbuot o`qi — ma`lomatu dashnomlardan ilma-teshik bo`lib ketgan va o`zlari shunga loyiq boshqa rahbarlarga yoqmasligi tabiiy edi.
Qolaversa, o`rtadagi bu farq Prezident ko`z oldidagi kartinani ravshanlashtirishi bilan xavfliroq edi. Ya`ni Turdimov "munosib nomzod" sifatida Toshkentdagi ko`p "katta"larning oromi va tinchini o`g`rilayotgani allaqachon "sir"lik maqomidan chiqib ketgan ham edi.
"Turdimov falon joyga kelarmish, piston lavozimni egallarmish" degan gaplar aslida hukumat koridori burchaklarida palak yoyayotgan o`sha xavotir "simptom"lari edi, deya gumonsirashga haqqimiz bor...
Ayni shu taxminlar fikrlarimizni quyidagi traektoriyaga burishi mumkin. Demak, ushbu "shou" ko`p narsalarni sotish va sotib olish mumkin bo`lgan bugungi kun nuqtai nazaridan qaraganda, ikkita taxmin ustida qad rostlab turgan bo`lishi mumkin.
Birinchisi, ijtimoiy tarmoqlarimizdagi savod va be`mani "shov-shuv"ga o`chlik bilan izohlansa, ikkinchisi, nisbatan jiddiyroq, strategik maqsadni ko`zlagan usul — "fitna san`ati" bilan bog`liq.
Markazda, ya`ni tomirlari tobora teranlashib borayotgan va har dam o`rni muvaqqat ekanligi esiga tushib, xotirjamligi buziladiganlar bu san`atga ixlosan "murojaat" qilganiga tarixdan misollar ko`p.
Darvoqe, ijtimoiy hayotimiz, ayniqsa siyosiy elitamiz turmush tarzida bu san`at ancha "sinalgan usul". Uning beradigan "nafi" ham sarflangan mehnatni oqlaydi. Faqat gap uni ustalik bilan amalga oshira olishda. Biz esa buning kiftini keltiramiz! Albatta, bularning barchasi shaxsiy fikrlar..." - deyiladi yakunida.
"Erkinjon akaning yuqoridagi gaplarini jamoatchilik nega o`ta negativ tarzda qabul qilganligini tushunmayapman.
Birinchidan, Turdimov iqtisodchi, iqtisodiy bilimlari nuqtai nazaridan vaziyatga real qaragan va mavjud holat bo`yicha o`z taklifini bildirgan. Hozirgi dod-voyingiz bilan bunday kasb egalari kamayib qoladimi? Yoki qizlarimiz chetga chiqib ketmay qo`yadimi? Ularga professionallikni o`rgatish - o`sha ishida uzoq saqlanib qolishi va unga beriladigan pulning oshishiga xizmat qilishi mumkin. Erkaklarni mardikorlikka tayyorlaydigan markazlar ham borku. Balki ularni ham yopish kerakdir? Bizga qilich yarashadi - Amir Temur avlodimiz deb. Bu kasbga xohlaysizmi yo`qmi o`zimizda ham talab bor. Yoki yurtimizda mardikor ayollarimiz yo`qmi? Oqsoch=mardikor ayol emasmi? Kapitalizmda yashayapmiz, kommunizmda emas. Boy va kambag`al bo`ladigan davr. Buni to`xtata olmaysiz, birodar. Davlatning rejalarini kutib turmay, soqqani qilib, keyingi avlodni o`qitish kerak. Yoki boy bo`lib birortangiz shunaqa oilalarni beg`araz qaramog`ingizga oldingizmi, chetga ketishidan havotirda ekansiz, oqsoch degan so`zdan or qilarkansiz?
Hamma o`zining fikrlarini tiqishtiryapti. Unday qilish kerak, bunday qilish kerak va boshqalar. Bir gapda. O`sha siz aytgan ishlarni qilish aynan ijro rahbari - hokimning vakolatida ekanmi? Bir o`sha taklifingizga doir qonunlarni varaqlab ham ko`ring. O`zi takliflarning hammasini to`liq o`qib chiqdingizmi? Barchasini majburlab o`qitish kerak, degan joyi bormi? Majburiy emas, ixtiyoriy. Arzandangizni asrasangiz u erda o`qitmasdan ham boshqa ish, o`qishga yo`naltirishingiz mumkin. Yoki hech qaerda ishlatmay, aytganini qilib, to`liq ta`minlab qo`ying, men o`zim sizga qarsak chalaman. O`zi sizda arzirli taklif bormi? Asoslang va hammani ishontiring. Shuni bajaraylik.
Oramizda chetdan jo`natgan xotini, qizining pulini bir chekkada ishlamasdan sanab o`tiradigan "alfonso-erkaklar"imiz ham bor. Internetda ayrim shundaylar ham fikr yozibdi. Ularni yaqindan bilaman. Bunaqa vaziyatlarda g`ururi uyg`onadida pul topishga, o`zini qiynashga kelganda o`sha g`urur sulayib qoladi. U yalqov Turdimovning gapini millatiga haqorat dedi va yotoqxonasiga kirib, chetdan pul jo`natayotgan xotiniga telegramdan "qiynalmayapsanmi jonim?" deya sms yozdi. Ajoyibsiz shundaylar.
Turdimov yana bir nechta taklif bergan - innovasiyaga bo`lgan takliflar ham bor u erda. Nimaga bu taklifini ham muhokama qilmayapsiz? Ijobiy ekani uchunmi? Sizmasmi o`zingizcha xolislikdan bizga sayragan, a do`stim? Qolgani qolib ketaveradimi? O`zini olim deb hisoblaydigan ayrimlardan ham shunaqa ensa qotirish postlari ko`rindi. G`alati yoki hech kim mukammal emasligini isbotladingiz", — deyiladi keskin tanqidlari bilan ajralib turadigan bloger Zafarbek Solijonov kanalida.
Bu haqda Akrom Malik qaydlarida ham munosabat bildirildi:
"Farzandlarini oqsochlik qilib, ulg`aytirganlar bor. Umrlari mashaqqat,etishmovchilik, faqirlik va himoyasizlikda o`tayotgan munisa ayollarimiz bisyor. Biz ularga elning erlari bo`lib birorta yaxshilik qilmayapmiz. Joni kuyganidan shifoxona kamchiliklarini aytgan bir zaifani qamab qo`ydik. Bir ayol o`zini yoqib yuborganiga tomoshabin bo`ldik. Mushfiqalarimizga nimani edirsak, edirdik. Ularni o`z holiga tashladik. Kimdir Turkiyada, kimdir Dubayda, kimdir boshqa joyda tanasini pullayapti. Biz esa hech narsa qilmayapmiz. Mahallamizdagi biror becharahol ayoldan xabar olmaymiz. Qarindoshlar ichidagi qalbi shikastalarimiz — opa-singillarimiz, amma-xolalarimiz, jiyanlarimizni unutganmiz. Holing qanday, issiq-sovug`ing yaxshimi, izg`irin keldi, uying issiqmi, kartoshka, piyoz, yog`, guruch, go`shting bormi, egning issiqmi, demaymiz. Sen farzandingni tarbiya qil, men ishlayman, Sen xalq uchun, Vatan uchun, din uchun zabardast o`g`lon, hayoli qiz ulg`aytir, men esa Sening xizmatkoring bo`lay; og`ir ko`tarma, ko`chalarda sarson yurma, o`rningga men ishlayman; horidingmi, kayfiyating yo`qmi, kel, sayru sayohatga boraylik, demaymiz, aksincha, ayollar oila boqishi uchun ish topib beraylik, oqsochlik qilsin, birovning uyida ishlasin, deymiz.
Millat onalarini oqsochga aylantirish haqida emas, ularni tarbiyalash, ularga qayg`urish, ularni og`ir mehnatdan ozod qilish haqida o`ylashimiz kerak emasmi? Pul ekan, iqtisod ekan, deb oqsochlikni targ`ib qilishimiz etmayotgan edi.
Men uchun ayol parvarishga muhtoj atirgul: atrofida parvona bo`lasan, goho ortiqcha shoxlarini butaysan, biroq bu atirgulning g`unchalagan shoxini kesib, birovning qo`liga berish mumkin emas. U atirgul ochiladigan joy — Erning hovlisi, ildizi Erning yuragidir.
Do`stlar, har bir ayol millat sha`nidir, agar u nobop bo`lib ketsa, shu millat erlari aybdor. Ayolning qalbini ham, qadrini ham ko`taring, ayollarga oqsochlikni ravo ko`rmang. Aks holda, bu Sizning barcha xislatlaringizni yo`qqa chiqaradi.
O`zbekistonimizda ayollar o`zlarini yoqmasinlar. O`zbekistonimizda ayollar oqsoch bo`lib emas, malika kabi yashasinlar. Shunda kelajak farzandlarimiz sheryurak va hamiyatli bo`lib etishadi".
Izoh: mualliflar fikr-mulohazalari tuzatish va o`zgartirishlarsiz berildi






