Ijtimoiy tarmoqlarda Farg`ona viloyati Qo`qon shahridagi 22-maktabda o`qituvchilar, direktor isitmalayotgani, maktab hamshirasi ularga ukol qilayotgani aytilgan xabar tarqala boshladi. Ushbu xabar yuzasidan Farg`ona viloyat xalq ta`limi boshqarmasi izoh berdi.
"Ushbu murojaat o`rganildi. Holatda qonun buzilishi va amaldagi tartibga zid holat aniqlanmadi" deyiladi izohda.
Ma`lumotga ko`ra, Qo`qon shaharidagi 22-umumiy o`rta ta`lim maktabida bugungi kunda 1111 nafar o`quvchilardan 515 nafar o`quvchilar 2 bosqichda an`anaviy tarzda ta`lim olmoqda. Maktab xodimlari 71 nafarni tashkil qiladi.
Viloyat XTB qayd etishicha, maktab kirish qismiga dez-to`shama tashkil etilgan, xodimlar va tashrif buyuruvchilar tana haroratini masofadan o`lchash uchun 14 dona pirometr mavjud bo`lib, ishchi holatda, qo`llarni zararsizlantirish uchun maktabga kirish qismida va o`quv binosining barcha qavatlarida dozator tashkil etilgan.
Maktab hamshirasi haqiqatan ham maktab direktoriga shamollagani bois 2020 yil 5-6 oktyabr kunlari talabga zid bo`lmagan holatda muolaja qilganligi, shuningdek, bemor bo`lgan jamoaning 3 nafar xodimi 8 oktyabr kuni ishga qaytgani va bir nafar xodim davolanish jarayonida ekanligi ma`lum bo`ldi.
O`rganish davomida kasallik varaqasida bo`lgan xodimlar COVID-19 kasalligiga chalinmagani aniq bo`ldi. Maktab xodimlaridan 2020 yil 8 sentyabr kuni Qo`qon shahar SEOM tomonidan COVID-19 ga surtma olingan bo`lib, barcha xodimlarda manfiy natija aniqlangan. Ta`lim dargohiga tashrif byurilganda barcha tibbiy niqob taqqan va ijtimoiy masofaga rioya qilgan hol namoyon bo`lgan.






