Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan postda Kitob tumani tibbiyot birlashmasidagi rentgen uskunasi ishlamayotganligi sababli fuqarolar navbat kutib, ovora bo`lishayotgani tanqid qilingan edi.
Mazkur murojaat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati quyidagilarni ma`lum qildi:
" - Kitob tumani tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi qabul bo`limida joylashgan rentgen uskunasi 2017 yilda "Salomatlik-3" loyihasi asosida keltirilgan. Uskunaning ko`krak qafasini tushirish qismi pandemiya sharoitida, iyun-iyul oylaridagi ortiqcha yuklama bilan ishlash oqibatida ishdan chiqqan. Uskunani sozlash maqsadida tegishli vakolatli korxona bilan shartnoma tuzilgan va oldindan 15 foizlik to`lov o`tkazib berilgan. Uskuna yaqin kunlarda soz holatga keltiriladi va aholiga xizmat qilishni boshlaydi.
Unga qadar zarur ehtiyojni qondirish maqsadida tumanda joylashgan viloyat sil kasalliklari shifoxonasi bilan shartnoma qilingan hamda barcha shoshilinch holatdagi bemorlarga uzluksiz ravishda ushbu muassasa rentgen uskunasi orqali xizmat ko`rsatilmoqda.
Shuningdek, tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi portativ rentgen uskunasi bilan ta`minlandi.
Tumanda UTT tekshirish xizmati uzluksiz ishlab turibdi, bu borada hech qanday muammo yo`q. 24 soatlik rejimda UTT shifokorlari navbatchiligi tashkil etilgan. Mahalliy byudjetdan 2020 yil xarajatlar smetasida tibbiy asbob-uskunalar sotib olish uchun 250 million so`m ajratilib, 2 dona UTT uskunasi olingan.
Viloyat hokimligi tomonidan taqdim etilgan “Tracker” avtomashinasi murojaat muallifi qayd etganidek, shaxsan Doniyor Tursunovga emas, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasiga xizmatda foydalanish uchun berilgan (bu boradagi e`tirozga avval ham munosabat bildirilgan). Viloyat hududining juda katta ekanligini hisobga oladigan bo`lsak, bu qulaylik pandemiya davrida markazdan tortib chekka hududlargacha tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishni nazorat qilishda qo`l kelmoqda. Bu kabi imkoniyatlar nafaqat viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi, balki boshqa bir qator viloyat tashkilotlarida ham mavjudligini eslatib o`tamiz", deyiladi bayonotda.






