Yurtimizda o`zbek tilida o`qitiladigan maktab o`quvchilari rus tilini o`rganishida qanchalik muammo bo`lsa, rus tilida ta`lim olayotgan o`quvchilar uchun esa o`zbek tilini o`rganish shuncha muammo edi. Bu mavzuda Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov o`z fikrlarini bayon etdi:
"Shu sababli o`zbek tili izohli lug`atchasi taqdimotiga bag`ishlangan tadbirni asosan rus tilida ta`lim beriladigan 110 maktabda va rus tilini o`rgatishni yaxshilash bo`yicha loyihani rasman boshlash marosimini esa Uchtepa tumanidagi 129 maktabda, ya`ni faqat o`zbek tilida ta`lim beriladigan oddiy maktabda tashkil etdik.
Maqsadimiz har bir maktab bitiruvchisi o`zbek tilini bilib chiqishidir. Shuning uchun o`tgan o`quv yilidan rus tilida o`qitiladigan maktablarda o`zbek tilini o`qitish soatlarini 35 foizga (haftalik 20 soatdan 27 soatga) oshirgan edik. Endigi asosiy vazifa boshqa tilda dars beriladigan maktablarda o`zbek tilini o`qitish metodikalarini yaxshilash hamda aynan shu yo`nalishda o`qituvchilarni tayyorlash hamda malakasini oshirishdan iborat.
Maktabdagi ta`lim tizimidagi o`zgarishlarni darrov siyosiylashtirish shartmas. Har bir O`zbekiston fuqarosi qaysi maktabni bitirishidan qat`iy nazar o`zbek tilini o`rganishiga sharoit bo`lishi kerak. Shu bilan birga rus tili hamda ingliz yoki boshqa chet tilini o`rganishi zarur bo`ladi. O`zbekistonda yashaydigan aksariyat rus va boshqa millat vakillari o`zlari yaxshi bilmasada o`z farzandlarini o`zbek tilini o`rganishini xohlaydi. Chunki ertaga u shu yurtda yashagani uchun ularga o`zbek tili hayotida muvaffaqiyatga erishishi uchun muhimligini tushunishadi.
129 maktabga bir yil avval chet ellik mehmonlar tugul xattoki o`zimizning mahalliy jurnalistlarni ham taklif etishga odam uyalar edi. Poytaxt bo`lsada, chekkaroq hudud bo`lganiga maktablarning ahvoli juda achinarli edi. Prezidentimizning Uchtepa tumaniga tashriflaridan so`ng tumandagi maktablarning deyarli har 3 tadan 1 tasi, asosan o`zbek tilida dars beriladigan maktablar, chiroyli ta`mirdan chiqdi. Endi ulardagi ta`lim sifatini oshirishimiz, jumladan rus va ingliz tilini o`qitishni yaxshilashimiz zarur" deydi vazir.






