Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir o`qituvchining ruscha so`zlarni noto`g`ri talaffuz qilgani haqida video tarqaldi. Bu video yuzasidan bildirilgan muhokamalar bo`yicha O`zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi deputati Jahongir Ziyaev o`z fikr-mulohazalarini bildirdi. Uni batafsil keltiramiz.
"Ijtimoiy tarmoqlarda bir o`qituvchining noto`g`ri talaffuz qilganini ko`rib, e`tibor bermagandim. Ammo oradan ikki kun o`tib videoga masxaromuz ohangda qoldirilgan “post”larni o`qib, bir o`zbek sifatida jahlim chiqdi. Yana “post” qoldirganlarning barchasi millatdoshlarim.
Birinchidan, o`qituvchi ham odam, adashishi tabiiy. Qolaversa, otadek ulug` sanalgan ustozlarni masxara qilishga hech kimning haqqi yo`q. Ikkinchidan, uning rus tili o`qituvchisi emasligi, uni kimdir shu tilda gapirishga majbur qilgan ko`rinib turibdi. Shunday ekan, u rus tilida gapirishga majbur emas.
“Onlayn” darslarni kuzatsangiz, rus tili darsini o`tayotgan rus millatiga mansub ustozlarning ba`zan o`zbekcha so`zlarni, “q”, “g`”, “o`” harflarini to`g`ri talaffuz qilolmayotgani, qilsa-da, shevada gapirayotganiga ko`p guvoh bo`lasiz. Lekin bu haqda hech kim gapirayotgani yo`q. Nima, o`zbek ustozlarning rus tilida to`g`ri gapirolmagani aybu, rus ustozlarning o`zbek so`zlarini buzib gapirayotgani ayb emasmi?!
O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga yaqinda 31 yil to`ladi. Millatchilik qilmoqchi emasman, ammo shuncha yildan beri yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillarga Ona tilimizni o`rgatishga umuman e`tibor qaratmadik, hali ham qaratmayapmiz. Ular ham majburiyat bo`lmaganidan keyin bunga harakat ham qilishmadi, hamon qilishmayapti. Axir shu yurtda yashagandan keyin, shu yurtning nonini egandan keyin buyuk yozuvchimiz O`tkir Hoshimov aytganlaridek: “Bir yurtda yashab turib, o`sha xalq tilini bilmaslik: birinchidan – o`sha xalqqa nisbatan hurmatsizlik, ikkinchidan – o`sha xalqdan o`zini ustun qo`yish, uchinchidan – g`irt nodonlikdir!”.
“Onlayn” darslarda meni taajjubga solgan yana bir narsa, O`zbek tili darslarida rus tilidagi so`zlardan ko`p foydalanilayotgani bo`ldi. Bunga 5, 6, 7, 8, 9 sinflar uchun o`tilayotgan o`zbek tili darslarini kuzatsangiz ko`p guvoh bo`lasiz. Axir bu darslar faqat rus tilida so`zlashuvchilar uchun emas, qardosh xalqlar uchun ham emasmi? Ya`ni, mamlakatimizda qancha qoraqalpoq, qozoq va tojik maktablari bor. Bu qardoshlarimizni o`zbek tilini rus tili orqali o`rganishga majburlash emasmi?!
Qachongacha o`zbek tilida gapirishga qo`rqamiz? Nahot 31 yil kamlik qilgan bo`lsa? "Agar xalq o`z tilini saqlab qolish uchun harakatga tushsa, demak, bu uning oxirgi imkoniyati: agar u tilini yo`qotsa, o`zi ham yo`qlikka mahkum bo`ladi", degan ekan Ozarboyjonning sobiq prezidenti Abulfaz Elchibey.
Xullas, shunaqa gaplar..." deya o`z mushohadalarini bayon qilmoqda deputat.






