Korrupsiya va poraxo`rlikning oldini olish maqsadida davlat xizmatchilarining sovg`a olishi taqiqlanishi mumkin. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Darhaqiqat so`nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish bo`yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat xizmatini rivojlantirish uchun mas`ul bo`lgan alohida agentliklar tashkil etildi. Davlat organlarida “komplaens-nazorat”, “hallolik vaksinasi” va boshqa korrupsiyaga qarshi standartlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, davlat xizmatchilari tomonidan mansab vakolatlarini suiiste`mol qilish, manfaatlar to`qnashuvini yuzaga keltirish, poraxo`rlik va boshqa korrupsiogen jinoyatlarni sodir etish holatlari uchramoqda. Shuningdek, davlat xizmatchilari (yoki uning yaqin qarindoshlari)ning korrupsiya bilan bog`liq bo`lmagan, biroq davlat xizmati obro`siga putur etkazuvchi xatti-harakatlari ham aniqlanib, keng jamoatchilikning haqli e`tiroziga sabab bo`lmoqda.
Bu kabi holatlarga yo`l qo`ymaslik, davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish va sohaga ilg`or xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan qonunchilikka qator yangi mexanizm va normalarni kiritish taklif etildi.
Jumladan, “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ishlarini yakunlash va uni qisqa muddatda Parlamentga kiritish belgilandi. Mazkur qonun bilan “sovg`a” tushunchasiga aniqlik kiritilib, davlat xizmatchilari tomonidan sovg`a olish va berish tartibini belgilovchi “Sovg`a siyosati” deb nomlangan alohida bob bilan to`ldiriladi.
Bundan tashqari, davlat organlarida korrupsiya holatlari va manfaatlar to`qnashuvining oldini olish maqsadida qonun bilan tartibga solinadigan Davlat xizmatchilarining odob-ahloq kodeksi ishlab chiqiladi va unda davlat xizmatchilari uchun cheklovlarning aniq ro`yxati belgilanadi.
Yana bir muhim o`zgarish — O`zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonuni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risida xabar bergan fuqaroning himoyasi kafolatlanib, uning shaxsi sir saqlanishi to`g`risidagi norma bilan to`ldiriladi.






