Prezident Shavkat Mirziyoev 13 oktyabr kuni sirdaryolik faollar, suv toshqinidan jabrlangan odamlar bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari so`zining avvalida viloyat ahli bilan shunday obodlikda, yorug` yuz bilan ko`rishib turganidan xursandligini bildirdi.
- Oxirgi besh oyda hammamiz sinovdan o`tdik. Hamjihat bo`lib, matonat, mehnat bilan sharoitni tikladik, yangi uylar, yo`llar qurildi. Bugun bu ishlarni ko`rib, albatta xursand bo`ldim. Lekin menga eng katta kuch, quvonch bergan narsa odamlarning kayfiyati bo`ldi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Sardoba suv ombori to`g`oni uy-joylar, ijtimoiy ob`ektlar va qishloq xo`jaligi maydonlariga katta zarar etkazgan edi. Hukumat komissiyasi tuzilib, uning oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va vositalar jalb qilindi. Suv bosgan mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuasiya qilinib, boshpana va oziq-ovqat bilan ta`minlandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo`jaligi vazirligi, Mudofaa vazirligi, huquq-tartibot idoralari, qurilish-ta`mirlash tashkilotlari va mahalliy hokimliklar o`zaro muvofiq harakat qilib, turmush sharoitlari qisqa muddatda tiklandi.
Uchta yangi mavze barpo etildi. Bog`cha va maktablar, kollejlar va sog`liqni saqlash muassasalarida qurilish-ta`mirlash ishlari olib borildi. Suv bosgan hududlar bugun avvalgidanda yaxshilanib, yangi qiyofaga ega bo`ldi.
- Xalqimiz roziligini birinchi kundan asosiy maqsadimiz, shiorimiz etib tanlaganmiz. Qiyin, lekin shuning uchun ishlayapmiz. Sirdaryodagi qurilishlar, o`zgarishlar shu bilan cheklanib qolmaydi, yana davom etadi. Buning uchun katta marralar belgilaganmiz, - dedi Prezident.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga safari yakunlandi.









