Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda IIB xodimlari maskasiz yurgan 15 yoshli bolani olib ketishmoqchi bo`ldi, akasini va atrofdagi odamlarni tushuntirishiga qaramasdan, milisiya 15 yoshli bolani olib ketti va shu voqeani tasvirga olayotgan ayolni telefoniga urishdi" nomli videolavha tarqaldi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining ma`lum qilishicha, holat zudlik bilan IIB tomonidan o`rganib chiqilgan.
Voqea 13 oktyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Samarqand shahrining Gagarin ko`chasida sodir bo`lgan.
Ushbu yo`nalishda xizmat olib borayotgan PPX xodimlari ko`chada tibbiy himoya niqobini taqmay harakatlanib kelayotgan 16 yoshli A. va uning akasini to`xtatib, karantin qoidalari bekor bo`lmaganligi, tibbiy himoya niqobini taqib yurish lozimligini tushuntirib, ularni IIB binosiga taklif qilishganda, ular IIO xodimlarining qonuniy talablariga qarshilik qilishgan.
O`rtada kelib chiqqan kelishmovchilikka atrofdagi fuqarolar ham qo`shilib, A.ni qo`yib yuborishni talab qilishgan.
Shu erda tasvirga olib turgan fuqaro qo`l telefonini PPX xodimining yuziga yaqin olib kelganligi sababli, xodim kamerani turtib yuborgan.
Fuqarolar IIB binosiga olib kelinib, ular bilan karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, uyiga javob berilgan.
Holatdagi PPX xodimlari bilan yana bir-bor fuqarolar bilan muloqot jarayonlarida odob-ahloq qoidalariga qat`iy rioya qilishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.






