Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Orifjon Aripovning SSV Matbuot xizmatiga ma`lum qilishicha, infeksiya va medikamentoz davo vositalari organizm holatiga negativ tasir ham ko`rsatishi mumkin.
COVID-19 kasalligidan tuzalgan insonlarda kasallikka xos umumiy o`zgarishlardan tashqari har bir bemor organizmida individual shikastlanishlar ham kuzatilishi aniqlangan. Shu sababli bemorlar salomatligini e`tibor bilan kuzatilishi lozim.
Laborator tahlillar inson organizmidagi a`zolarning kasallikdan keyingi funksional holatini baholash va asoratlarni aniqlashga yordam beradi. COVID-19 kasalligidan tuzalgan bemorlarda asosan ko`proq shikastlanadigan 3 ta tizimga e`tibor qaratish kerak: o`pka, buyrak va bosh miya faoliyati.
Agar bemorda ikki oydan ko`p davom etayotgan hansirash belgilari bo`lsa va dinamik kuzatuvda kamaymasa, kardiolog maslahati va yurak UTT tekshiruvi ham o`tkazilishi lozim bo`ladi.
Tahlillardan umumiy qon tahlili – eng tez, oddiy va informativ tekshiruv usulidir. Bu tekshiruvda avvalo allergik komponentni namoyon qiluvchi eozinofillar aniqlanishiga e`tibor beriladi. Shu bilan birga, organizmdagi yallig`lanish jarayonining holati (leykosit, limfosit, EChT) va ko`p uchraydigan asoratlardan bo`lgan kamqonlik ham baholanadi.
Davolash paytida ko`p va uzoq vaqt davomida antibakterial terapiya qabul qilgan bemorlarda esa uchraydigan asoratlardan biri – bu psevdomembranoz kolitdir. Bu asorat bemorlarda sababsiz ich ketish, qorindagi davom etuvchi og`riqlar bilan kuzatiladi. Bu holatlarda bemorni chuqurroq tekshirish, tor mutaxassis maslahati zaruriyati tug`iladi.
Yallig`lanish belgilari:
- umumiy qon tahlili + EChT, leykositar formula, S-reaktiv oqsil, ferritin orqali interpretasiya qilinadi.
Qon ivish tizimi:
- D-dimer, Protrombin, fibrinogen;
- Organizmni vitamin D bilan to`yinganligini baholash:
- 25-OH vitamin D;
Yurak holati:
- Laktatdegidrogenaza, natriy, kaliy, xlor, kalsiy (Sa2+), magniy;
Jigar holati:
- Alanin-aminotransferaza, aspartat-aminotransferaza, umumiy bilirubin;
Buyrak holati:
- Kreatinin, mochevina, oqsil va uglevod almashinuvi, glyukoza, albumin, sistatin S;
Autoimmun jarayonlarni o`z vaqtida aniqlash:
- Yadro antigenlariga antitela, skrining tahlillari orqali amalga oshiriladi.
Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish maqsadida aholining keng qatlamlari va har bir xonadonda sog`lom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarga qarshi kurashish, tibbiy madaniyatni rivojlantirish, jismoniy tarbiya, sport va to`g`ri ovqatlanishni faol targ`ib qilish va ularga amal qilish lozim.






