AsosiyJamiyat

2020 yilning 8 oyida O`zbekistonda 14 528 nafardan ortiq bola ota yoki ona mehridan mahrum bo`ldi — Senat

'2020 yilning 8 oyida O`zbekistonda 14 528 nafardan ortiq bola ota yoki ona mehridan mahrum bo`ldi — Senat'ning rasmi

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.

Unda oilaviy ajralishlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri hamda Oliy sud raisi o`rinbosarining axborotlari eshitildi.

Ma`lumotlarga ko`ra, 2020 yilning 1 sentyabr holatida mamlakatimizda oilaviy ajralish soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan 4 333 taga kamaygan.

Buning oqibatida joriy yilda respublika bo`yicha 14 528 nafardan ortiq voyaga etmagan bolalar ota yoki onaning mehridan mahrum bo`lgan. Ajrimlarga ichkilik, giyohvandlikka ruju qo`yish va oiladagi er-xotinning o`zaro kelishmovchiligi kabi holatlar sababli ham oilalarning parchalanishiga olib kelmoqda.  

Qayd etilishicha, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy boshqarmalari tomonidan, avvalo, shunday holatlarning oldini olishga e`tibor qaratilmoqda. Xususan, mahallalar qoshidagi bo`lg`usi kelin-kuyovlarni turmushga tayyorlash bo`yicha qisqa muddatli majburiy o`quv kurslari tashkil etilgan hamda ularga psixologlar, tajribali, obro`li otaxon va onaxonlarni biriktirish bo`yicha nizom va o`quv dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgan. Shuningdek, karantin vaqtida o`quvlarni onlayn tashkil etish maqsadida telegram ijtimoiy tarmog`ida “@oilasaboqlari” kanali faoliyati yo`lga qo`yildi. Bundan tashqari, FHDYo organlariga ariza bilan murojaat qilgan, lekin karantin tufayli to`ylari o`tkazilishi to`xtatilgan yoshlar ro`yxati shakllantirilib, ularni mazkur telegram kanali orqali onlayn o`qitish tashkillashtirilgan.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 2017–2019 yillar mobaynida fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 134 mingga yaqin nikohdan ajratishga doir ishlar ko`rib chiqilgan. Ularning natijalari bo`yicha 48,6 foiz bo`yicha arizalar qanoatlantirishi rad etilib, oilalar saqlanib qolinishiga erishilgan.

Shu bilan birga, o`rganish davomida bu yo`nalishdagi ishlarda ayrim tizimli xato va kamchiliklar aniqlandi. Xususan, oilaviy ajralishlardagi raqamlar o`tgan yilga nisbatan kamaygan bo`lsa-da, bu borada ilmiy asoslangan tavsiyalar va echimlar etarli emas. Hamkor tashkilotlarning oilaviy ajrimlarni kamaytirish uchun qo`llayotgan choralarining samarasi kam bo`lmoqda.

Fuqarolik sudlari amaliyotida oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida barcha hamkor tashkilotlarning mas`uliyatini oshirish bo`yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Yoshlar o`rtasida salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida ularning tarbiyasiga ko`proq e`tibor qaratish, ish bilan bandligini ta`minlash, shaxsiy daromadlarini oshirishga ko`maklashish, oila muqaddasligi, qadriyatlarni tiklash va huquqiy savodxonligini oshirish masalalarida olib borilayotgan tushuntirish va targ`ibot ishlari tizimli yo`lga qo`yilmagan. Bu esa oilalar mustahkamligini ta`minlash, qadriyatlarni avaylash va rivojlantirish, ayniqsa, ajralishlarning oldini olishda salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.

Shu jihatdan majlisda O`zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi kelgusida kelin-kuyovlarni oilaga tayyorlash, qonuniy rasmiylashtirilmagan nikohlar va oilaviy ajralishlarning oldini olish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda samarali tavsiyalar ishlab chiqish topshirildi.  

Shuningdek, o`rganish davomida aniqlangan boshqa muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha vazifalar belgilandi.  Shuningdek, mazkur masala yuzasidan Senat Qo`mitasining tegishli qarori qabul qilingan.

    Boshqa yangiliklar