“Umumta`lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, quyidagilar joriy etiladi:
- 2020 yil 1 dekabrdan bosqichma-bosqich bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta`lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi;
- 2021/2022 o`quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta`lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to`g`risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo`lgan abiturientga sertifikatdagi o`zlashtirish foiziga mos ravishda OTM bakalavriatiga o`qishga qabul qilish bo`yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi.
Umumta`lim fanlari bo`yicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:
▪️ 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o`zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo`yicha;
▪️ 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya fanlari bo`yicha;
▪️ 2022-2024 yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo`yicha.
Sertifikat berish uchun test savollari Xalq ta`limi vazirligi va Ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tuziladi.
Qaror bilan Umumta`lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga muvofiq, sertifikat berish Davlat test markazi tomonidan to`lov asosida amalga oshiriladi.
Sertifikat berish uchun talabgordan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari (334 500 so`m) miqdorida to`lov undiriladi.
Sertifikat test sinovi natijasi bo`yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to`plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.
Sertifikat test sinovidan ijobiy natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari e`lon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida Davlat test markazi direktorining buyrug`i asosida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.