Sirdaryo viloyat hokimi G`ofurjon Mirzaev «Press klub» ko`rsatuvida qilgan chiqishida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi borasida savolga javob berdi. Hokim viloyat aholisi turli hududlardan kelgani haqida fikr bildirarkan, "ikkinchi Amerika" iborasini esga oldi. Bunga qadar u Toshkent shahridagi industriya hisobiga Sirdaryo viloyati rivojlanishi mumkinligini aytib o`tgan.
— Toshkentliklar xafa bo`lishmasin, ammo poytaxtning kelajagi Sirdaryoda, deb ayta olaman. Chunki shahar kengayadi va turli zavod-fabrikalarni chetroq hududga olib chiqish zaruriyati paydo bo`ladi. Geografik joylashuvi va logistika jihatidan Sirdaryo viloyati katta korxonalarni qabul qilish uchun juda qulay hisoblanadi.
Menga avval ham aytishgan: Sirdaryo cho`llari o`zlashtirilganda aholi turli hududlardan kelgan va qaysidir ma`noda «terma jamoa» shakllangan, deyish mumkin. Mana shunday viloyatni boshqarish qiyin emasmi, deb savol berishgan. O`shanda ham aytganman, yana bir marta qaytaraman, viloyatimiz aholisi turli joylardan kelib, shakllangan ekan, demak biz «ikkinchi Amerika», bo`lar ekanmiz, — deydi viloyat hokimi.
Ma`lumot uchun, bugungi kunda viloyatda 11 ta ma`muriy hudud mavjud: 3 ta shahar va 8 ta tuman. Aholisi ko`p millatli bo`lib, 840 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.
Eslatib o`tamiz, kuni kecha O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi va suv toshqini natijasida jabr ko`rgan hududlarda ta`mirlangan va yangidan qurilgan uy-joylar hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishdi.
Sirdaryo viloyatida qisqa muddatda 10 ming kishilik ish o`rinlari yaratildi. Yil yakuniga kadar yana bir qator korxonalar qurilishi va yangi ish o`rinlari paydo bo`lishi kutilmoqda.






