Kuni kecha Surxondaryoda ota o`z farzandini pullayotgan vaqtida ushlangani xabar qilingan edi. IIV huzuridagi Tergov departamenti holat yuzasidan rasmiy ma`lumot berdi.
Ma`lum qo`lishicha, 2020 yilning 06 oktyabr kuni soat 15:00 da Surxondaryo viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, Denov tumani “Shaxrinav” mahallasida yashovchi 28 yoshli S.Z., Termiz shahrida joylashgan restoranlarning birida shartli mijozga voyaga etmagan farzandi 2 yoshli M.S.,ni 2.500 AQSh dollari va 24.250.000 so`m evaziga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

Tadbir jarayonida, S.Z.,dan kimyoviy ishlov berilgan 2500 AQSh dollari va 24.250.000 so`m pullar, voyaga etmagan M.S.,ning tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi va S.Z.,ning farzandini o`z xohishi bilan sotganligi bo`yicha yozib bergan tilxati xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Termiz shahri bo`yicha IIO FMB 2-sonli IIB Tergov guruhi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi, o`n sakkiz yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo`lsa) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha S.Z., prosessual tartibda ushlanib, unga JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e`lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






