Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat Statistika qo`mitasining yangilangan new.stat.uz sayti ro`yxatdan o`tgan yuridik shaxslarning rahbari, ta`sischilari to`g`risidagi ma`lumotlarni taqdim etishni to`xtatganligi to`g`risida xabarlar tarqalmoqda.
Davlat statistika qo`mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov ma`lum qilishicha, 2020 yilning yanvaridan boshlab qo`mitaning yangi va zamon talablariga to`liq javob beradigan sayti ishlab chiqildi (new.stat.uz).
Ushbu rasmiy veb-sayt hozirgi kunda test rejimida ishlamoqda. Shuning uchun ham uning kontenti har kuni to`ldirib borilmoqda. Bu hozirchalik rasmiy sayt deb qabul qilingani yo`q. Undagi barcha funksiyalar to`liq ishlab ketganidan keyingina rasmiy sayt (stat.uz). deb e`lon qilinadi.
➖ Tizimda profilaktika ishlari amalga oshirilganligi munosabati bilan ayrim ma`lumotlarni vaqtinchalik taqdim qilib bo`lmadi. Ushbu korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrining ma`lumotlar bazasida hozirgi kunda 1,4 mln. birlikdagi sub`ektlar haqida barcha ma`lumotlar saqlanib kelinmoqda. Undan kerakli bo`lgan ma`lumotlarni izlab topishda ma`lum bir texnik muammolar kelib chiqishi tabiiydir. Yuzaga kelgan mazkur noqulayliklar uchun uzr so`raymiz. Hozirgi vaqtda ushbu funksiyaning faoliyati to`liq yo`lga qo`yildi va undan hohlagan ma`lumotingizni olishingiz mumkin, - deya xabar bermoqda U.Abdurasulov.