AsosiyJamiyat

Iste`molchilarga «aqlli gaz hisoblagichlar»ni o`rnatish, echish, tekshirish va ta`mirlash bepul bo`ladi

'Iste`molchilarga «aqlli gaz hisoblagichlar»ni o`rnatish, echish, tekshirish va ta`mirlash bepul bo`ladi'ning rasmi

Bugun AOKAda "Hududgazta`minot" AJ hamda "Texnopark" MChJ mutasaddilari ishtirokida ""O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qarorida belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosiga bag`ishlangan brifing o`tkazildi.


Qayd etilishicha, bugun O`zbekistonda gaz etkazib berishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Bu borada mamlakatda o`tgan 10 yilda bir-necha bor harakatlar kuzatilgan, lekin aniq tizimni yo`lga qo`yishga erishilmagan. Bundan esa ta`minotchi ham, aholi ham birdek aziyat chekdi. Ushbu tizim tabiiy gazni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi (ASKUG) deb nomlanadi va “online” tartibda ishlaydi.

Umuman, ASKUG tizimini O`zbekistonda joriy etish vaqt va zamon talabi edi. Bunga sabab, maishiy sektorida bugungi kunda gaz iste`molchilarining o`rtacha 70 foizida gaz hisoblagichlari o`rnatilganidir. Ularning aksariyati 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlatilgani, ma`nan va jismonan eskirgani sababli hisoblashdagi xatoliklar ruxsat etilgan ko`rsatgichlardan oshib ketadi.

Albatta, ASKUG tizimini joriy etish zarurati, eng avvalo, mamlakatda gaz iste`moli va hisobga olishni nazorat qiluvchi zamonaviy ma`lumotlarni yig`ish boshqaruv tizimining yo`qligidan kelib chiqmoqda. Shu sababli, gaz ta`minotchisi va energiya majmuining yana bir qator tuzilmalari yuzlab milliard so`mlarni yo`qotmoqda.

Bundan tashqari, bir hudud miqyosida gaz uchun debitorlik qarzlarni hisoblab chiqishda, aholi, yoqilg`i quyish shoxobchalari, issiqxonalar, g`isht zavodlari va shu kabi barcha toifadagi iste`molchilarning haqiqiy gaz iste`moli sarfi hajmini aniqlash uchun aniq mexanizmlar zarur. Shuningdek bu, oddiy aholining ba`zi vijdonsiz hamda qonunbuazr tadbirkorlar tomonidan o`g`irlangan gaz uchun  yoki gaz ta`minoti korxonasi tomonidan inson omili sababli yuzaga keluvchi xatoliklar uchun pul to`lamasliklari uchun ham o`ta muhimdir.

Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq etish orqali tizimda qarzdorlik bilan bog`liq muammo va uzilishlar vujudga kelishining oldini olish, yo`qotishlarni kamaytirish hamda gazdan noqonuniy foydalanish holatlari to`g`risida ta`minotchini ogohlantirishga erishiladi.

ASKUG tizimini mamlakatimizda joriy etish bilan bog`liq ishlar “Hududgazta`minot” AJ zimmasiga yuklatilgan. Bu jarayonni, ya`ni gaz hisoblagichlarini o`rnatish, ma`lumotlarni yig`ish, qayta ishlash va uzatish, aloqa liniyalarini yotqizish, kerakli telekommunikasiya moslamalarini o`rnatish ishlarini 2021 yil oxiriga qadar yakunlanish kerak. Bu borada 2020 yil 24 sentyabrdagi PQ-4840-sonli Prezident Qarorida aniq topshiriqlar berilgan va ularni sifatli bajarish maqsadida, barcha tuman hamda shaharlar eng avvalo, “qizil”, “sariq”, “yashil” hududlarga ajratilgan holda ishlar tashkil etiladi.

Mazkur ishlar pirovardida, gaz iste`molida yuqori aniqlikka erishiladi. Tizimning yana bir afzalligi, uni aholi mobil telefoni orqali nazorat qilishi mumkinligida ko`zda tashlanadi. Ya`ni qancha gaz sarflayotgani, qancha pul to`layotganini ko`rib turadi. Albatta, to`lovlarni mobil telefon orqali amalga oshirsa ham bo`ladi. Oldingi hisobdonlarimiz har 4 yilda davlat ko`rigidan o`tkazilar va bu iste`molchilar uchun ortiqcha xarajat, ortiqcha tashvish edi. Yangi hisobdonlar 10 yilda 1 marta davlat ko`rigidan o`tkaziladi va bu jarayon ta`minotchi tomonidan bepul amalga oshirilmoqda.

Loyihani amalga oshirishdan avval tajriba-sinovlar o`tkazildi. Tajriba shaffofligini ta`minlash maqsadida, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning gaz hisoblagichlaridan, shuningdek, hisoblagich uskunalari bozorida etakchi bo`lgan xalqaro savdo belgili kompaniya mahsulotlaridan foydalanildi. O`tkazilgan tender bilan bog`liq barcha ma`lumotlar exarid.uzex.uz saytida mavjud. Barcha hujjatlar loyiha ekspertizalaridan o`tkazildi.

“Aqlli hisoblagichlar” barcha toifadagi iste`molchilarga “Hududgazta`minot” AJ hisobidan, ya`ni bepul o`rnatib beriladi. Jumladan, “Hududgazta`minot” AJning o`z mablag`lari shuningdek, kredit mablag`lari hisobidan amalga oshirilib, o`z navbatida jalb qilingan kredit mablag`lari uchun foiz to`lovlari “Hududgazta`minot” AJ tomonidan qoplanishi rejalashtirilgan.


Bu degani, hisoblagichlar Jamiyatning hududiy bo`linmalari mulki hisoblanadi. Endi iste`molchilar gaz korxonasining ogohlantirishini kutishlari, Davlat xizmatlari markazi va Yagona portalga murojaat qilishlariga hojat qolmaydi. Bir so`z bilan aytganda, gaz hisoblagichlariga barcha xizmat ko`rsatish va bu bilan bog`liq xarajatlar (o`rnatish, echish, tekshirish va ta`mirlash) gaz ta`minoti korxonasi tomonidan amalga oshiriladi, iste`molchi esa faqat hisoblagichni soz holda saqlash uchun mas`ul bo`ladi xolos.


Elektron gaz hisoblagichlar Toshkent shahar hokimligi ta`sischiligida tashkil etilgan “Texnopark” MChJ tomonidan ishlab chiqarilmoqda. 2020 yil fevral oyida yillik ishlab chiqarish quvvati 3 mln. dona bo`lgan “Elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish” loyihasi ishga tushirilgan.
“Texnopark” MChJ elektron gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish maqsadida Evropa va Osiyo bozorida 80 yillik ish tajribasiga ega bo`lgan Italiyaning «Pietro Fiorentini S.p.a.» kompaniyasi bilan jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy mahsulot ishlab chiqarish bo`yicha hamkorlikni yo`lga qo`ygan.


Bugungi kunga qadar Evropa, Janubiy Amerika, Osiyo mamlakatlari, Ukraina kabi va boshqa davlatlarda «Pietro Fiorentini S.p.a.» kompaniyasining 6 milliondan ortiq EGHUlari iste`molchilarga o`rnatilgan bo`lib, “Texnopark” MChJ tomonidan ham ayni shunday EGHUlar ishlab chiqarilmoqda.

Ishlab chiqarish jarayoni «Pietro Fiorentini S.p.a.» kompaniyasining ilg`or texnologiyasiga asoslanganligi natijasida “Texnopark” MChJ aniqlik sinfi “1” ga teng bo`lgan EGHU ishlab chiqarilishiga erishgan.

Gaz hisoblagichlar bilan bog`liq muammolar bo`lsa, “Hududgazta`minot” AJga yoki  “Texnopark” MChJning Respublika hududlarida tashkil etilgan Servis Markazlarining (71) 210-70-70 raqamiga qo`ng`iroq qilishingiz mumkin. Kelib tushgan murojaatlar mutaxassislar tomonidan joyiga borgan holda muammolarni o`rganib chiqishadi va muammoni bartaraf etish uchun o`z vakolatlari doirasida faoliyat yuritishadi.
 

    Boshqa yangiliklar